Toshkentda ko‘p qavatli uyda tayanch devor noqonuniy buzildi

Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uyda xavfsizlik talablariga zid holat aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, inspeksiya xodimlari fuqarolar murojaati asosida Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosida o‘rganish ishlarini olib borgan.
Tekshiruv jarayonida xonadon mulkdori tomonidan binoning asosiy tayanch devori buzib tashlangani hamda uning o‘rnida yangi eshik ochilgani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar qayd etishicha, asosiy konstruktiv devorga o‘zboshimchalik bilan aralashish binoning seysmik barqarorligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa faqat bitta xonadon emas, balki butun bino aholisi xavfsizligi uchun tahdid hisoblanadi.
Aniqlangan holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi 3-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, mulkdorga 15 kun muddat ichida buzilgan devorni avvalgi holatiga keltirish bo‘yicha majburiy yozma ko‘rsatma berildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!