Toshkentda fojiali yong‘in: uch nafar inson halok bo‘ldi

16 fevral kuni kechqurun Toshkent shahrida fojiali yong‘in qayd etildi. Shaharning Shayxontohur tumani, Beltepa ko‘chasida joylashgan xususiy uylardan birida soat 20:51 da yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga uch daqiqa ichida yetib borgan. O‘t o‘chirish ishlari olib borilib, yong‘in soat 21:38 da to‘liq bartaraf etilgan.
Afsuski, yong‘in o‘chirilgandan keyin xonadon ichida uch nafar insonning jasadi aniqlangan. Ular bir oila a’zolari — ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi ekani ma’lum qilindi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchilar xona ichida qolib ketgan va tashqariga chiqish imkoniyati bo‘lmagan.
— Kelinimiz va ikki jiyanimiz uy ichida qolib ketishdi, tashqariga chiqa olmadilar. Ichkariga kirishga urindik, qo‘shnilar bilan devorni buzib kirdik, ammo juda kech bo‘lgan edi, — deydi voqea guvohlaridan biri.
Shuningdek, yong‘in oqibatida yana bir fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Hodisa yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan dastlabki tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Yong‘in sabablari va holatga oid qo‘shimcha tafsilotlar aniqlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!