IIV Samarqanddagi tergov hibsxonasida yuz bergan o‘lim yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Avvalroq Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani gaz ta’minoti korxonasi xodimi hibsxonada vafot etgani haqida xabar tarqalgan edi. Zamon.uz mazkur holat yuzasidan viloyat IIBdan izoh olib, marhumda qandli diabet kasalligi mavjud bo‘lganini ma’lum qildi.
Ushbu holat bo‘yicha IIV axborot xizmati rahbari — Shohrux G‘iyosov ham rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 21 fevral kuni soat 17:35 atrofida Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro X.Q. sog‘lig‘i keskin yomonlashgan.
Ma’lum qilinishicha, u Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28 va 211-moddasi 1-qismi bilan ayblanib, qamoqqa olingan.
Fuqaro sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilayotgan vaqtda, shu kuni soat 18:00 larda vafot etgan.
Birlamchi sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi «2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari» natijasida yuzaga kelgan. Shuningdek, uning tanasida hech qanday jarohat izlari aniqlanmagan.
Ma’lumot o‘rnida, 2026 yil 18 fevral kuni ayblanuvchi X.Q. kasalligi sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib chiqilgan, bu haqda uning akasi X.X.ga xabar berilgan va ular uchun shifoxonada qo‘shimcha uchrashuv ham tashkil etilgan.
Zarur tibbiy muolajalardan so‘ng, 2026 yil 20 fevral kuni shifokorlar xulosasiga asosan ayblanuvchining sog‘lig‘i qoniqarli, deb topilib, u hibsxonaga qaytarilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari prokuratura organlari tomonidan olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!