22:35 / 24.03.2017
8 625

Allohning sovg‘asi

Allohning sovg‘asi
Yunus butun o‘quv yili davomida yangi telefon olish uchun po‘l to‘pladi. Har safar otasi maktabda tushlik qilishga pul berganda u qorni ochsa-da, o‘sha pulni emasdan uyga qaytarib kelardi-da pul yig‘adigan idishchaga tashlab qo‘yardi.

Pulim etadi degan qarorga kelganidan so‘ng bir sinfdoshi bilan kunning ikkinchi yarmida telefon xarid qilishga birga borishga kelishib oldi. Uyiga kelib kiyimlarini alishtirib chiqdi. Qarasa, ko‘chada yana bir sinfdosh o‘rtog‘i Said mug‘nayib turibdi. Ular qo‘shnichilikda yashashadi. Saiddan g‘amginligining sababini so‘radi.

– Singlim og‘rib qoldi. Oyim meni dori olib kelishim uchun dorixonaga yubordilar. Ammo pulim etmadi. Uni oyimga qanday aytishni bilmay turibman. Oyim juda siqiladilar, chunki uyda boshqa pulimiz yo‘q. Men ham siqilyapman. Yur, bir oz o‘ynaylik, uyga kechroq boraman, ungacha singlim yaxshi bo‘lib qolar balki, – dedi Said.

Yunus qanchalik harakat qilmasin, ammo o‘yini hech qovushmadi. Uning xayoliga Saidning aytgan gaplari mahkam o‘rnashib olgan edi. Ko‘z oldiga dorining tezroq kelishini kutib yotgan Maryam gavdalandi. U hatto telefon olish uchun uydan chiqqanini ham unutgan etdi, daf’atan, cho‘ntagida puli borligi esiga tushib qoldi.

– Menga dorilar ro‘yxatini ber-chi, – dedi Saidga.

Said nega deb so‘rab ham o‘tirmasdan qog‘ozni uzatdi. Yunus qog‘ozni olib dorixonaga yugurib ketdi. Ro‘yxatdagi dorilarni oldi, dorixonadan chiqib do‘konga kirdi va sarxil mevalar xarid qildi. Keyin uni kutib turgan Saidning oldiga xursand bo‘lib qaytib keldi.

– Yur uylaringga boraylik, men Maryamga kerakli dorilarni oldim, – dedi zavqi ichiga sig‘may borayotgan Yunus.

– Sen telefon olish uchun yiqqan pulingni sarfladingmi? Nega bunday qilding, axir qancha vaqtdan beri orzu qilardin-ku! – hayron bo‘ldi Said.

– Telefonni keyinroq olaversak ham bo‘ladi, Maryamning sog‘ayib ketishi muhim, – javob berdi Yunus va bolalar Saidlarning uyiga ketishdi.

Yunus kechqurun uyiga qaytganida uni ajoyib sovg‘a kutayotganini bilmas edi. U maktabda a’lo baholarga o‘qigani uchun ota-onasi unga yangi telefon xarid qilishgan edi. Bola juda ham hayratga tushdi va ko‘zlari yoshga to‘lib:

– Alhamdullilloh! Alhamdulilloh! Bu Alloh taoloning sovg‘asi, – dedi va bo‘lib o‘tgan voqeani ota-onasiga gapirib berdi.

Manba: www.muslim.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Allohning sovg‘asi