Olmazor tumanida elektromobil yonib ketdi: yong‘in tezda bartaraf etildi

Bugun, 8 aprel kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida noodatiy hodisa yuz berdi — Leapmotor rusumidagi elektromobil to‘satdan yonib ketdi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 21:14 atrofida Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida joylashgan 2-uy oldida elektromobil alangalanayotgani haqida tegishli xizmatlarga xabar kelib tushgan. Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yong‘in-qutqaruv texnikalari atigi 4 daqiqa ichida manzilga yetib borgan.
Mutaxassislarning tezkor harakati natijasida yong‘in soat 21:28 ga kelib to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa qisqa vaqt ichida nazoratga olingani yirik talafotlarning oldini olishga xizmat qilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Hozirda mutasaddilar hodisa sabablari va kelib chiqish omillarini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Ushbu holat elektromobillar xavfsizligi, ayniqsa, ularning akkumulator tizimi bilan bog‘liq xavf-xatarlarga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!