Toshkent viloyatida xavfsizlik hisobotlari soxtalashtirilgani fosh bo‘ldi

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda jamoat xavfsizligi tizimi tanqidiy ruhda tahlil qilindi. Yig‘ilish davomida hududlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, texnik vositalar joriy etilishi va profilaktika tadbirlari muhokama qilindi. Biroq tekshiruv natijalari ayrim hisobotlar amaldagi holatga to‘liq mos kelmasligini ko‘rsatdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi vaqtlarda viloyatda xavfsizlik tizimini kuchaytirish maqsadida katta hajmda ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 400 dan ortiq «namunali xavfsiz ko‘cha» hamda 280 ta «xavfsiz uy» tashkil etilgani qayd etildi.
Shuningdek, hududlarda 1000 ta kuzatuv kamerasi va 700 ta domofon o‘rnatilgani, yana 4800 ta obyekt texnik qo‘riqlash tizimiga ulangani haqida ma’lumot berilgan.
Biroq tekshiruvlar jarayonida ayrim holatlarda rasmiy hisobotlardagi ma’lumotlar haqiqatga to‘liq mos kelmasligi aniqlangan. Eng asosiy muammolardan biri — qo‘shib yozish holatlari bo‘lgan.
Tekshiruvchilarning ta’kidlashicha, ayrim videokuzatuv kameralari va domofonlar hujjatlarda «o‘rnatilgan» deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda ular mavjud emasligi yoki ishlamasligi ma’lum bo‘lgan. Ayrim holatlarda esa eski texnik vositalar yangi qurilma sifatida rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan 100 dan ortiq «qizil» toifadagi mahallalarda vaziyat og‘irligicha qolayotgani ham qayd etildi. Hisobotlarda ijobiy o‘zgarishlar ko‘rsatilganiga qaramay, ayrim hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatchilik bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday holatlar xavfsizlik tizimidagi real ahvolni to‘g‘ri baholashga to‘sqinlik qilishi mumkin. Chunki qog‘ozda yaxshi ko‘ringan ko‘rsatkichlar amaldagi muammolarni yashirib qo‘yadi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, texnik qo‘riqlash tizimlarini haqiqiy holatga keltirish va hisobotlarda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddilarga joylardagi xavfsizlik tizimini faqat hisobot uchun emas, balki aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida samarali ishlatish zarurligi alohida ta’kidlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!