Xorazmda kuchli shamol batutlarni uchirib ketdi

Xorazm viloyatida kuzatilgan kuchli shamol va chang to‘zonlari ayrim hududlarda kutilmagan holatlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bolalar o‘yinlari uchun mo‘ljallangan batutlar shamol ta’sirida ag‘darilib, hatto uchib ketgani aks etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 17 may kuni Hazorasp tumanida sodir bo‘lgan. Tasvirlarda batutlardan biri allaqachon yerga ag‘darilib yotgani, yana biri esa kuchli shamol oqimi bilan havoga ko‘tarilib ketayotganini ko‘rish mumkin.
Hozircha ushbu hodisa oqibatida jabrlanganlar bor yoki yo‘qligi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Shuningdek, mas’ul tashkilotlar tomonidan voqea yuzasidan rasmiy izoh ham e’lon qilinmagan.
Qayd etilishicha, o‘tgan kun davomida Xorazm viloyatining ko‘plab hududlarida kuchli shamol, chang-to‘zonlar kuzatildi. Ayrim joylarda esa chang aralash yengil yomg‘ir yog‘gani qayd etilgan.
Mutaxassislar bunday ob-havo sharoitida ochiq maydonlardagi yengil konstruksiyalarni mustahkamlash hamda ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!