Erkakni iPhone 17 Pro Max va pul berishga majburlagan qizga hukm o‘qildi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida erkakdan qimmatbaho telefon va katta miqdorda pul talab qilib kelgan qiz tovlamachilikda aybdor deb topildi. Bu haqda sud hujjatlarida ma’lum qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar 2025 yil oktabr oyida Telegram orqali tanishgan. Dastlab qiz har bir uchrashuv uchun 1 million so‘m so‘ragan. Keyinchalik ular bir necha bor uchrashgan va erkak qizning bank kartasiga jami 2 million 800 ming so‘m o‘tkazib bergan.
Oradan vaqt o‘tgach, qiz ularning shaxsiy uchrashuvlariga oid video va audioyozuvlarni erkakning oila a’zolari hamda ish joyiga tarqatish bilan tahdid qilgan. Evaziga u 1 600 AQSH dollari qiymatidagi iPhone 17 Pro Max telefonini olib berishni talab qilgan. Erkak bosim ostida telefonni xarid qilib bergan.
Shundan so‘ng qiz homilador ekanini aytib, homilani oldirish uchun pul kerakligini bahona qilib, erkakdan yana 6 million 662 ming so‘m olgan. Biroq bu bilan ham cheklanmay, undan yana 1 000 AQSH dollari, agar topa olmasa 1 500 AQSH dollari berishini talab qilgan.
Doimiy tahdid va bosimlardan charchagan erkak ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qiz avval qo‘lga kiritgan 4 million 500 ming so‘mdan tashqari, maxsus ishlov berilgan 15 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Sud qaroriga ko‘ra, qiz Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, jabrlanuvchiga 19 million 500 ming so‘m pul mablag‘i hamda iPhone 17 Pro Max telefoni qaytarilgani, yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani qayd etildi.






























Izohlar 0
…