Surxondaryoda ona 7-sinf o‘g‘liga mashina boshqarishga ruxsat berdi

Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bolaga avtomobil boshqarishga ruxsat berilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan tekshiruv o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, voqea Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida sodir bo‘lgan. Videoda 7-sinf o‘quvchisi Tracker rusumidagi avtomobilni boshqarib ketayotgani, uning yonida o‘tirgan onasi esa o‘g‘lining avtomobil haydayotganidan faxrlanishini aytayotgani aks etgan.
Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, 38 yoshli ayol tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘g‘liga avtomobilni boshqarishga ruxsat bergan. Suhbat chog‘ida o‘quvchi mashina haydashni onasi o‘rgatganini aytgan. Shuningdek, u hozir o‘qishdan ko‘ra pul topishga ko‘proq qiziqishini ham bildirgan.
Holat yuzasidan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rildi. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi, ayolga esa farzand tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani hamda boshqaruv huquqiga ega bo‘lmagan shaxsga transport vositasini topshirgani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Mas’ullar voyaga yetmagan shaxslarga avtomobil boshqarishga ruxsat berish nafaqat qonunbuzarlik, balki yo‘l harakati xavfsizligi uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishini eslatib o‘tishdi.






























Izohlar 0
…