Toshkentda xorijliklarni nishonga olgan yirik Call-markaz fosh etildi

Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahrida xorij fuqarolarini firibgarlik yo‘li - aldash bilan shug‘ullangan yirik Call-markazlar faoliyatiga chek qo‘yilganini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur markazlar xodimlari Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya va boshqa davlatlar fuqarolariga soxta telefon raqamlari orqali qo‘ng‘iroq qilib, ularni fishing havolalari yordamida firibgarlik sxemalariga jalb qilgan.
Tezkor tadbirlar davomida Yashnobod tumanidagi Call-markazda 97 nafar, Yakkasaroy tumanidagi markazda esa 34 nafar shaxs faoliyat yuritgani aniqlangan. Ular orasida nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek, xorij fuqarolari ham bo‘lgani qayd etildi.
Aniqlanishicha, xodimlar ish boshlashdan oldin maxfiylik qoidalari bo‘yicha maxsus yo‘riqnomadan o‘tgan. Ular mijozlar bilan muloqotda o‘z haqiqiy ism-sharifini emas, balki taxalluslardan foydalangan. Shuningdek, markazlarga kirish va chiqish jarayoni ham maxsus qo‘riqlash xizmati tomonidan qat’iy nazorat qilingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Call-markazlardan 136 ta kompyuter, yuzlab telefon apparatlari, seyflar hamda boshqa texnik jihozlarni ashyoviy dalil sifatida musodara qildi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirga qadar Call-markazlarning 2 nafar rahbari, 8 nafar asosiy gumonlanuvchi hamda yana 10 nafar shaxs qamoqqa olingan. Qolgan 111 nafar shaxsga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.































Izohlar 0
…