Eski yuk mashinalarni “yoshartirgan” fuqaroga sud 3 yil qamoq jazosi berdi

Samarqand viloyatida eski yuk avtomobillarining ishlab chiqarilgan yilini qonuniy yo‘l bilan “yangilab berish”ni va’da qilib, bir nechta haydovchini aldagan shaxsga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. U 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, A.R. Jomboy tumanida faoliyat yuritib, haydovchilarga o‘zini ichki ishlar tizimida ishlagan shaxs sifatida tanishtirgan. U Andijon yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida tanishlari borligini aytib, eski yuk mashinalarining ishlab chiqarilgan yilini rasmiy ravishda o‘zgartirib berishini va’da qilgan.
Shu yo‘l bilan u 1975 yilda ishlab chiqarilgan GAZ-53 yuk avtomobili egasidan 5 million so‘m va transport vositasining texnik pasportini olgan. Oradan bir necha kun o‘tib, u o‘zgartirilgan hujjatni qaytargan. Biroq texnik ko‘rik vaqtida hujjatdagi ma’lumotlar elektron bazaga kiritilmagani va ular qalbaki ekani ma’lum bo‘lgan.
Tergovda aniqlanishicha, ayblanuvchi xuddi shu usul bilan yana bir necha haydovchilarni ham aldagan. Jumladan, ZIL-130 yuk avtomobilining ishlab chiqarilgan yilini o‘zgartirishni va’da qilib, yana bir fuqarodan 400 dollar hamda texnik pasportni olgan.
U yana bir haydovchidan 9 million so‘m olish vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Sud jarayonida A.R. Andijonda hech qanday tanishi bo‘lmaganini, barcha gaplarni o‘zi o‘ylab topganini tan oldi. Shuningdek, haydovchilarning ishonchidan foydalanib, texnik pasportlarni uyidagi printer orqali soxtalashtirganini ma’lum qildi.
Ayblanuvchi yetkazilgan moddiy zararni qoplagani va qilmishidan pushaymonligini bildirgan bo‘lsa-da, sud uni firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish hamda pora berishga urinish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudi hukmiga ko‘ra, unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






























Izohlar 0
…