Toshkentda ko‘p qavatli uy tomida yong‘in chiqdi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyning tom qismida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa 16 avgust kuni kechqurun Asaka ko‘chasidagi binolardan birida yuz bergan. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 22:02 da mazkur ko‘p qavatli uyning tomida yong‘in chiqqanligi haqida Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng voqea joyiga qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan yetib borib, yong‘inni bartaraf etish ishlarini boshlagan. Alanga soat 22:43 da qurshab olingan va 23:33 da to‘liq o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida fuqarolar orasida jarohat olganlar yoki halok bo‘lganlar yo‘q.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda voqea natijasida yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…