Qashqadaryoda ikki erkak ot va chorvani nasiyaga olib, milliard so‘mlik zarar yetkazdi

Qashqadaryoda ikki erkak ot va chorvani nasiyaga olib, milliard so‘mlik zarar yetkazdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Qashqadaryoda ikki erkak oldindan jinoiy reja tuzib, fuqarolardan ot va boshqa chorva mollarini nasiyaga olib, keyinchalik ularni sotib yuborgan.
  • Firibgarlar jami 14 bosh ot va boshqa chorva mollari, shuningdek, qiymati 230 million so‘mlik avtomobil va 38 ming dollarlik ekskavatorni olib, jami 1 milliard 195 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.

Qashqadaryo viloyatida ikki erkak fuqarolardan ot va boshqa chorva mollarini pulini keyinchalik to‘lash va’dasi bilan olib, ularni boshqa shaxslarga sotib yuborgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, erkaklar oldindan jinoiy reja tuzib, fuqarolarning chorva mollarini nasiyaga olgan va keyinchalik ularni sotib yuborgan.

Jumladan, Kitob tumanida yashovchi fuqarolardan biridan to‘rt bosh ot 103 million so‘mga olingan. Shundan 6 million so‘mi berilib, qolgan 97 million so‘mni keyinchalik to‘lash va’da qilingan. Biroq kelishilgan mablag‘ to‘lanmagan.

Shunga o‘xshash tarzda boshqa fuqarolardan ham jami 14 bosh ot va boshqa chorva mollari olib ketilib, keyinchalik sotib yuborilgan.

Firibgarlik holatlari faqat chorva mollari bilan cheklanmagan. Sud hujjatida qayd etilishicha, sudlanuvchilardan biri qiymati 230 million so‘m bo‘lgan avtomobilni vaqtincha foydalanib, keyinchalik qaytarib berish va’dasi bilan olgan. Biroq u avtomobilni to‘rt bosh ot uchun to‘lanmay qolgan qarz evaziga boshqa shaxsga garov sifatida bergan.

Shuningdek, Jizzax viloyatidagi fuqarolardan biridan 38 ming dollarga baholangan ekskavator ham olinib, uning puli to‘lanmagan.

Hukmda ko‘rsatilgan epizodlar bo‘yicha fuqarolarga jami 1 milliard 195 million so‘m moddiy zarar yetkazilgani qayd etilgan. Sud jarayoniga qadar zararning asosiy qismi qoplangan.

Sud yakunida ikki erkak firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilgan. Ulardan biriga 1 yil 18 oy 3 kun, ikkinchisiga esa 1 yil 2 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar