Qashqadaryoda to‘ydan mast holda qaytgan erkak 64 yoshli kishini urib o‘ldirdi

Qashqadaryoda to‘ydan mast holda qaytgan erkak 64 yoshli kishini urib o‘ldirdi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida to‘ydan mast holda qaytgan erkak yo‘l chetida o‘tirgan 64 yoshli notanish kishini urib, uning o‘limiga sabab bo‘ldi. Sud hukmiga ko‘ra, aybdor 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea joriy yilning 4 aprel kuni sodir bo‘lgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, erkak Mirishkor tumanida yashovchi tanishining to‘yidan mast holda chiqqan. U soat 23:00 atrofida tanishlarining avtomobilida Qarshi tumanidagi O‘zbekiston Mustaqilligi mahallasi hududiga kelgan.

Erkak avtomobildan tushganidan so‘ng yo‘l chetida o‘tirgan, o‘ziga notanish 64 yoshli erkak bilan tortishib qolgan. Keyinchalik tortishuv janjalga aylangan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi jabrlanuvchining ustiga chiqib, uning yuzi, burni va tanasining turli qismlariga qo‘llari bilan bir necha marta zarba bergan. Shundan so‘ng u og‘ir ahvolda qolgan erkakka yordam ko‘rsatmasdan voqea joyini tark etgan.

64 yoshli erkak olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Sud hukmiga ko‘ra, erkak 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, undan marhumning qonuniy vakili foydasiga dafn marosimi xarajatlari uchun 30 million so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar