Qashqadaryoda YPX xodimini obro‘sizlantiruvchi video tarqatgan fuqaro qamaldi

Qashqadaryoda YPX xodimini obro‘sizlantiruvchi video tarqatgan fuqaro qamaldi

Qashqadaryoda yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimining xizmat faoliyatiga oid videoni ijtimoiy tarmoqda tarqatgan fuqaroga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqaro joriy yil iyun oyida YPX xodimining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmay, harakatini davom ettirgan. Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng fuqaro YPX xodimining xizmat faoliyatiga oid videoni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirgan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Ish Qarshi shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning 24 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, fuqaroga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sud majlisida fuqaro qilgan ishiga iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan va bunday holatni boshqa takrorlamasligini aytgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar