Ehtiyot bo‘ling! Qog‘oz va ruchka yordamida "tiklangan" 50 ming so‘mlik kupyura tarqalmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda 50 ming so‘mlik banknotaning yirtilgan qismini oddiy qog‘oz va skotch yordamida biriktirib, ustiga «50000» raqami hamda banknota naqshlarini ruchka bilan qayta chizib qo‘yilgan video tarqalmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, bunday kupyura kuryerga to‘lov vaqtida berilgan.
Aslida esa shikastlangan banknotani qo‘lda "ta’mirlab", uning ayrim qismlarini qayta chizish o‘rniga bankka murojaat qilish mumkin. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, agar yirtilgan va yelimlangan banknotaning ikki qismi shak-shubhasiz bir banknotaga tegishli ekani aniqlansa, u to‘lovga qabul qilinishi kerak. Shuningdek, shikastlangan pullarni bank kassalari orqali almashtirish imkoniyati ham mavjud.
Ayrim hollarda banknotaning kamida 55 foizi saqlanib qolgan bo‘lsa, u ham to‘lovga yaroqli deb topilishi mumkin. Shu sababli savdo yoki xizmat uchun naqd pul qabul qilayotganda faqat uning nominaliga emas, haqiqiyligi va tashqi holatiga ham e’tibor berish muhim.
Shikastlangan pulni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish o‘rniga, uni bank orqali tekshirtirish va almashtirish xavfsizroq.































Izohlar 0
…