Maktab direktori farroshlikka ishga olish evaziga 2 ming dollar so‘radi

Maktab direktori farroshlikka ishga olish evaziga 2 ming dollar so‘radi

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida maktab direktori farrosh lavozimiga ishga kirmoqchi bo‘lgan ayoldan pora talab qilgani uchun sudlandi. U yarim shtat birligida ishga joylashtirish evaziga 1 500 dollar so‘ragan, qo‘shimcha 0,25 shtat birligi ajratib berish imkoniyati bo‘lsa, pul miqdorini 2 ming dollargacha oshirishini bildirgan.

Bu haqda Kun.uz ishga oid sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 40 yoshli maktab direktori ish so‘rab murojaat qilgan ayoldan jami 1 900 dollar va 1,2 million so‘m olgan vaqtida tezkor tadbir davomida qo‘lga tushgan.

Sud majlisida jabrlanuvchi direktorga ishga kirish istagini bildirgani, biroq diplomi yo‘qligini aytganini ma’lum qilgan. Direktor esa uni farrosh sifatida ishga qabul qilish mumkinligini, ammo buning uchun taxminan 2 ming dollar to‘lashi kerakligini aytgan.

Sud hukmiga ko‘ra, maktab direktori pora olish va pora berish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, sobiq direktor 1,5 yil davomida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar