Pluton ortidagi sirli sayyora olimlar e’tiborini tortdi

Pluton ortidagi sirli sayyora olimlar e’tiborini tortdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Vera Rubin observatoriyasi astronomi Metyu Xolman Pluton orbitasidan tashqarida joylashgan 2026 ED138 nomli yangi mitti sayyora nomzodini aniqladi.
  • Quyoshdan taxminan 46 astronomik birlik uzoqlikda joylashgan ushbu obyektning diametri 600 kilometrdan 1 500 kilometrgacha bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Olimlar Quyosh tizimida Pluton orbitasidan tashqarida joylashgan yangi mitti sayyora nomzodini aniqladi. 2026 ED138 deb nomlangan ushbu osmon jismi hozircha shu turdagi eng yirik va yorqin obyektlardan biri bo‘lishi mumkin. Bu haqda AQSH Milliy ilmiy jamg‘armasi va Energetika vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan Vera Rubin observatoriyasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yangi obyekt joriy yilning 13 oktyabr kuni astronom Metyu Xolman tomonidan observatoriya ma’lumotlarini tahlil qilish vaqtida kashf etilgan. Dastlab uning g‘ayrioddiy yorqinligi va Quyoshdan juda uzoq masofada joylashgani tadqiqotchilar e’tiborini o‘ziga jalb qilgan.

Keyinchalik olimlar observatoriya arxivlarini qayta ko‘rib chiqish jarayonida 2026 ED138'ning avvalgi kuzatuvlariga ham duch kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu osmon jismi joriy yilning 4 martidan 11 iyuligacha bo‘lgan davrda, jami 20 kecha davomida 30 marta kuzatilgan. Shuningdek, 2016 yilga tegishli arxiv suratlari ham obyektning orbitasini aniqlash va uning harakatini o‘rganishda muhim yordam bergan.

Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 ED138 Quyoshdan taxminan 46 astronomik birlik uzoqlikda joylashgan. Taqqoslash uchun, mitti sayyora Plutonning Quyoshdan o‘rtacha masofasi 40 astronomik birlikni tashkil etadi. Bu esa yangi obyekt Quyosh tizimining ancha olis hududlarida harakatlanishini anglatadi.

Dastlabki hisoblashlar natijasida yangi osmon jismining diametri 600 kilometrdan 1 500 kilometrgacha bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, uning orbitasi Quyosh tizimining asosiy tekisligiga nisbatan qariyb 25 darajaga og‘gan.

Olimlarning ta’kidlashicha, 2026 ED138'ni rasman mitti sayyora deb e’tirof etish uchun hali qo‘shimcha tadqiqotlar va kuzatuvlar o‘tkazish zarur. Jumladan, uning aniq o‘lchamlarini belgilash, fizik xususiyatlarini o‘rganish va tabiatini tasdiqlash maqsadida infraqizil diapazonda kuzatuvlar olib borilishi kerak.

Agar yangi obyektning mitti sayyora ekani tasdiqlansa, 2026 ED138 Xalqaro astronomiya ittifoqi tomonidan rasman tan olingan Pluton, Serera, Erida, Xaumea va Makemake kabi osmon jismlari qatoriga qo‘shilishi mumkin. Bu esa Quyosh tizimining olis hududlari haqidagi ilmiy tasavvurlarni yanada boyitishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, Vera Rubin observatoriyasi 2026 yilning iyun oyida osmonni keng ko‘lamda o‘rganishga qaratilgan o‘n yillik tadqiqot dasturini boshlagan. Ushbu loyiha doirasida observatoriya janubiy yarimshar osmonini muntazam ravishda suratga olib, Quyosh tizimi va koinotdagi yangi obyektlarni aniqlash, ularning xususiyatlarini o‘rganish hamda ilmiy kashfiyotlar sonini oshirishni rejalashtirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar