Qashqadaryoda 3 yoshli qiz o‘gay onasi tomonidan urib o‘ldirildi

Qashqadaryoda 3 yoshli qiz o‘gay onasi tomonidan urib o‘ldirildi

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida 3 yoshli qiz oilaviy janjal vaqtida zo‘ravonlikka uchrab, vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26 sentyabr kuni Kasbi tumanida istiqomat qiluvchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro I.S. turmush o‘rtog‘i, 1988 yilda tug‘ilgan N.A. bilan o‘zaro nizolashgan.

Janjal davomida ayol turmush o‘rtog‘ining 2022 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz farzandi O.Sh.ga nisbatan ham zo‘ravonlik qilgan. Oqibatda 3 yoshli bolaning ahvoli keskin yomonlashgan va u shu kunning o‘zida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 27 sentyabr kuni Kasbi tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 126-moddasi, 8-qismi «g» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu norma oilaviy zo‘ravonlik jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan holatlarni qamrab oladi.

Hozirda jinoyat ishi doirasida dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. I.S. Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan gumonlanuvchi sifatida ushlangan.

Bolalar ombudsmani ma’lum qilishicha, tashkilot ushbu jinoyat ishi yuritilishi ustidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi. Holat bo‘yicha tergov jarayonida aniqlangan qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik taqdim etiladi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksida mazkur jinoyat uchun 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar