Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. Ilmiy maqolam uchun ma’lumot to‘plash maqsadida javonlar oralab yuribman. Kerakli kitoblarni topishgaku topib oldim, ammo o‘tirish uchun bo‘sh joy qidiraverib rosa sarson bo‘ldim. Odam shunaqayam ko‘p-ki… Tanga tashlasangiz erga tushmaydi. Qo‘lida maktab darsliklariyu test to‘plamlarini bir quchoq qilib ko‘tarib olgan yigit-qizlarni ko‘rib bildimki, kelganlarning aksariyati abiturientlar.
Ha, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlariga ham sanoqli kunlar qoldi. Aqalli bir-ikki sahifa ko‘proq bo‘lsa ham ma’lumot o‘qib, bilimini mustahkamlab olish ilinjida shoshinqiragan nigohlar… Talaba degan faxrli nomga ega bo‘lishi istagida yonayotgan yuraklar…
Tamaddi qilib olish maqsadida kutubxona bufetiga yo‘naldim. Qo‘shni stolda o‘tirgan yigitlarning suhbati diqqatimni tortdi.
– E, buning bo‘lmaydi. Yanayam kichikroq, ixchamrog‘i yo‘qmi? Yashirishing osonroq bo‘lardi.
– Bilmasam, shuning o‘zi ham tuflimning poshnasiga sig‘sa kerak?! Folgaga o‘rab olib joylashtirsam, anavilarning detektori ham aniqlay olmaydi.
– Ha, qara, qulayroq qilib joylashtirgin. Olib kirishga olib kirib, keyin ishlata olmay qovun tushirib yurma tag‘in. Xudoning rahmi kelib, bir guruhga tushib qolsak, bilimingni men bilan baham ko‘rarsan…
«Abiturientlar»ning «ilm-fan to‘g‘risidagi qizg‘in suhbat»laridan kayfiyatim tushib ketdi. Telefonni qanday qilib olib kirishu qay yo‘sinda uni ishlatish haqida qotirayotgan boshingni o‘qilgan mavzularni takrorlash uchun ishlatsang yaxshiroq bo‘larmidi, degim keldi. Lekin bundan qandaydir naf chiqishiga ko‘zim etmadi. Butun yil davomida «Bolaginam o‘qiyapti», deb yurgan ota-onasining ko‘zini shamg‘alat qilib nima ish bilan mashg‘ul bo‘lganini xudo biladi. Endi imtihonga 3 kun qolganda oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab qolishadiyu, o‘zining bilimiga ishonmay, jilla qursa kontraktga ilinib olishning turfa yo‘llarini o‘ylab topishga sho‘ng‘ib ketishadi.
Garderobdan sumkamni olish maqsadida navbat kutib o‘tirganimda «Dadam kecha aytdilar. Anavi bunker bilan kelishib olishibdi. Har bitta fanga besh yuz ko‘k so‘rabdi. Har holda yomon emas, uchta fanim uchun bir yarimta bilan kirib ketsam, oshig‘im olchi. Telefonni amallab kirgizib olsam bo‘ldi», deya yonidagi yigitga so‘z qotayotgan “abiturient”ning gaplari men uchun o‘lganning ustiga chiqib tepgandek bo‘ldi . Otasining puliga orqa qilayotgan ekan, kutubxonaga kelib nima qiladi? O‘zidan “aqlli abiturientni” ni yasab olib, ko‘zbo‘yamachilik qilish uchunmi?
Qaysidir hikoya qahramoni tilidan aytilgan so‘zlar xotirimga keldi. «Qo‘lidan hech bir ish kelmaydigan insonlar nolga o‘xshaydi. Nol oldida boshqa bir son bo‘lganidagina qiymatga ega bo‘lganidek, bunday insonlar ham mustaqil tarzda hech bir ishni eplay olishmaydi. Nimaningdir uddasidan chiqish uchun suyanchiqqa ehtiyoj sezishadi…»
Nahotki bizning jamiyatimizda ham nolga o‘xshaydigan insonlar bo‘lsa? Masalaning eng achchiq tomoni mana shunday «nol»larning yoshlar orasida ham borligidadir.
Uch soat….180 daqiqa… Aqalli mana shu qisqagina fursatda talaba bo‘lish ilinjidagi yoshlar mustaqil ish tutishsin. Hech kimga suyanmay… Na telefonga, na ota-onaning mansabiga, na «bunker»ga… Faqatgina o‘zining kuchi va bilimiga ishonsin. «Men qilmaganim bilan boshqalar nima karomat ko‘rsatyapti?» deydiganlarga ham javobimiz bor. Agar chindan ham qunt bilan kerakli bilimlarni o‘zlashtirgan bo‘lsangiz, adolat, albatta, tantana qiladi. Bilim har qanday pul, mansab, tanish-bilishchilikdan ustun keladi…
Saodat ABDURAHMONOVA
Manba: mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi