21:41 / 18.11.2017
6 471

Yevropa bizga havas qilsin...

Yevropa bizga havas qilsin...
Avtobusga papka qo‘ltiqlagan ziyolinamo kishi chiqqandi, o‘rindiqda o‘tirgan, ko‘rinishidan talabaga o‘xshaydigan yoshgina qiz darhol o‘rnida turib unga joy berdi. Ziyoli esa rahmat o‘rniga qizga qarab:

O‘tiravering, biz sizga joy berishimiz kerak, aslida. Ayollar erkaklarga joy berishi qaysi mantiqqa sig‘adi?- dedi. Qiz esa yerga qaragancha, past tovushda “O‘tiring, domla” o‘rindiqdan chetroqqa surildi. Ziyoli hech ilojsiz qolgan kishidek xijolatlanib o‘rindiqdan joy oldiyu afsus bilan bosh chayqab “Eh, sizlar-yey… Biz qachon Yevropa bo‘lamiz?!” dedi. Salondagi yo‘lovchilarning aksariyatini talabalar tashkil qiladi. Ayni paytga Yevropaga ergashish avjga chiqib, yoshlarimizning tafakkurini g‘arbona xayollardan uzoqlashtirish, tobora avjga chiqayotgan ommaviy madaniyat ishqibozligidan farzandlarimizni asrashga urinayotganimizda, oliy o‘quv yurti o‘qituvchisining yuqoridagi gapini qanday qabul qilish kerakligini bilmadim, to‘g‘risi.

Biz qachon Yevropa bo‘lamiz?!”

Biz hech qachon Yevropa bo‘lmaymiz! Yevropa bo‘lishdan asrasin bizni. Shundoq ham ayrim “madaniyat”li kishilar hisobiga Yevropadan qolishmayapmiz. Ammo, biz baribir Yevropa bo‘lmaymiz, birodar! Chizig‘i qo‘lni kesgulik shim, oppoq ko‘ylak va bo‘yinbog‘ taqib, papka qo‘ltiqlab olganlar bilib bilmay ovozining boricha ayuhannos solib baqirmasin, biz baribir Yevropa bo‘lmaymiz. Nega deganda, baribir tagzamirimizda sharqona, ayrimlarning g‘ashini keltiradigan ShARQONA odob-axloq tamoyillari o‘rnashib qolgan. Bizning qarashlarda yetmish yashar ayol yetti yashar o‘g‘il bolaning etagini bosmaydi. Chunki, yevropalik emasmiz, beadad shukrlar bo‘lsinki, o‘zbekmiz, musulmonmiz! Bizda otasi tengi emas, hatto akasi tengi erkak tik turib ketayotgan joyda ayollar yalpayib o‘tirmaydi.

Sharqona odobu andishamizga to‘g‘ri kelmaydi bu “madaniyatlilik”. Bo‘yinbog‘li intelligentlarning g‘ashiga tegish niyatimiz yo‘q! Shunchaki oddiy haqiqat bu- o‘zbeklarda yevropacha xarakterni singdirishga urinishning hojati yo‘q. Baribir bu operatsiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tayin. O‘zbeklarda “ANDIShA” degan so‘z bor.Bu so‘zning zamirida o‘zbekona, sharqona odob – axloq tamoyillaridan tashqari, chin insoniy fazilatlar ham o‘z aksini topgan. O‘zbeklarda erkagi yo‘q ayolning uyiga oqil erkak qadam bosishga istihola qiladi. Mana shu istiholaning asosini ham andisha tashkil qiladi. Millatimiz tamoyilida ma’raka-mavridlarda ayollar kelgan-ketganga “xush kelibsiz”, “xush ko‘rdik” qilmaydi. Bu xijolatli hol hisoblanadi.

Mana shu xijolat ham andisha sababli yuzaga keladi. Xullas, o‘zbeklarga Yevropa havas emas! Yevropa o‘zbeklarga havas qilishi kerak. O‘zbekona odob-axloq, andisha, tavoze’ va o‘zaro hurmat-izzat sharq xalqlarining hech birida, hattoki musulmon davlatlarining hech birida yo‘q. Fikrimizni isbotlash uchun soatlab qator misollarni keltirishimiz mumkin. Ammo qimmatli vaqtingizni qadrlagan holda bir manzarani esingizga solishni joiz bildik. Bu holatga ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak; marhumga janoza o‘qilib, mayyit yerdan ko‘tarilgach, tobut qo‘ldan qo‘lga o‘tadi. Tanish-notanish, o‘sha hududdan avtomashinasida o‘tib ketayotganlar va hatto jamoat transportida ketayotgan yo‘lovchilar ham ulovdan tushib, imkon qadar tobutni ko‘tarishga harakat qiladilar.

To‘g‘risi, shunday holatga guvoh bo‘lganimda o‘zbekligimdan, yevropalik EMASligimdan xursand bo‘lib ketaman! Faxr tuyaman! O‘zingiz ayting, zamondosh, mehr-oqibat va insoniylikning bunday ko‘rinishi yana qaysi millatda, qaysi davlatda bor ekan? Bu dunyoda qaysi millat, qaysi elat tansiq ovqat pishirsa, taom avvalidan qo‘shnisiga chiqaradi? Qaysi xalq birodari bemor yotganida eng zarur ishini tashlab, hatto boshlig‘idan tanbeh eshitsa-da, bemor ziyoratiga oshiqadi? Qaysi millatda beva ona biror yumush boshlashdan avval garchi balog‘atga yetmagan bo‘lsa-da, o‘g‘il farzandidan maslahat so‘raydi?.. Bu kabilar hech bir qonunda ko‘rsatilmagan. Ammo o‘zbek xalqi uchun o‘zgarmas qoidaga aylangan.

O‘zbeklarda shunaqa!

O‘zbeklarning faqat o‘ziga xos, qon-qoniga singib ketgan urf-odatlari “o‘zbekchilik” deyiladi. Qiziq, shu topda bir narsa esimga tushdi. Til qoidalariga ko‘ra “chilik” qo‘shimchasi boshqa millat nomiga qo‘shilolmas ekan. Mana o‘zingiz bir urinib ko‘ring-a: “tojikchilik”, “qozoqchilik”, “ruschilik”, “inglizchilik”… vahokazo. To‘g‘ri kelmadi. Kelmaydi ham. Yo‘q, biz millatchilikdan mutlaqo yiroqmiz. O‘z millatimizni ustun qo‘yib, boshqa elatlarni kamsitish niyatimiz yo‘q. Fikrimiz isboti uchun keltirdik bularni. “… chilik” qo‘shimchasi boshqa millat nomiga mos tushmaganidek, sharqona odob-andisha va tavoze’ni o‘zida jamlagan o‘zbekchilik ham faqat o‘zbeklarga xos. Bu xususda uzoq gapirish mumkin. Ko‘p gapirishning esa hojati yo‘q. Fikrimizni muxtasar qilish mavridi allaqachon yetib keldi: biz hech qachon Yevropa bo‘lmaymiz. Yevropaga intilish biz o‘zbeklar uchun mutlaqo kerak emas! Aksincha, Yevropa bizdan o‘rgansin. Shunday emasmi?
FARZONA


Manba: www.Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yevropa bizga havas qilsin...