Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 22–24 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi har tomonlama samarali bo‘ldi. Uchrashuvlarda yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, gumanitar aloqalarni kengaytirish, vazirliklar va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilindi.
Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid umumiy qiymati 10 milliard AQSh dollaridan ortiq 60 dan ziyod hujjat imzolandi. Shundan 4,5 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalardir.
Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni BMT sobiq Bosh kotibi, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining etika komissiyasi raisi Pan Gi Munni qabul qildi.
Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston rahbari Pan Gi Mun BMT Bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritgan davrda O‘zbekiston bilan BMT hamkorligida samarali loyihalar amalga oshirilganini yodga oldi.
Pan Gi Mun Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yuqori baholab, ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhidagi hamkorlik aloqalari rivojida yangi bosqichni boshlab berganini qayd etdi.
O‘zbekistonning tashabbuslari Markaziy Osiyoni barqaror va yuksak iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.
Pan Gi Mun Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik izhor qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Chon Se Gyun bilan uchrashdi.
Spiker O‘zbekiston rahbarini samimiy qutlar ekan, Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik munosabatlarni yanada mustahkamlash keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi faoliyati bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi poytaxti meriyasiga tashrif buyurdi. Prezidentimizni Seul shahri meri Pak Von Sun kutib oldi.
Shavkat Mirziyoyev faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining tilaklarini yozib qoldirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani do‘stlik rishtalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bog‘lab turishi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklari ishtirokida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirilgan va oshirilmoqda. Rasmiy Seul O‘zbekistonda sanoat va infratuzilmani diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga doir ustuvor dasturlarni amalga oshirishda an’anaviy yetakchi investitsion va texnologik sherik hisoblanadi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yil 3 iyul kuni Seul shahri meri Pak Von Sunni Toshkentda qabul qilib, birodarlashgan shaharlar — Toshkent va Seul o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan edi.
Bugungi uchrashuvda zamonaviy texnologiyalar asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shaharsozlik, me’morchilik va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Seul shahrining faxriy fuqarosi unvonini berishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari yanada mustahkamlanishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Shavkat Mimrziyoyev ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Seul nomini berish taklifini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Seul shahri faxriy fuqarosi unvoni tantanali topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Bosh vaziri Li Nak Yon bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hamkorligi so‘nggi yillarda keng ko‘lam kasb etdi. Davlat rahbarining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi davomida savdo, yoqilg‘i-energetika, kimyo, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-ta’lim va madaniyat kabi ko‘plab sohalarda kelishuvlarga erishildi.
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Bosh vaziri Li Nak Yon bilan uchrashuvda erishilgan mazkur kelishuvlarni amaliyotga izchil tatbiq etish, yangi istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Suhbat chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In hamrohligida Seul shahridagi Janubiy Koreya Milliy muzeyiga tashrif buyurdi.
Mazkur muzey Koreya Respublikasining eng yirik tarixiy va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. 1945 yil asos solingan muzey uchun 2005 yil o‘ziga xos me’moriy yechimga ega zamonaviy bino barpo etilgan. Osiyoda eng yirik, deya e’tirof etiladigan ushbu muzey ko‘lami jihatidan dunyoda oltinchi o‘rinda turadi. Muzeyda 220 mingdan ortiq tarixiy, badiiy, arxeologik va boshqa eksponatlar to‘plangan.
O‘zbekiston Prezidenti muzey eksponatlari bilan tanishdi. Madaniy-gumanitar sohalarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.
24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakunlandi.
Ushbu tashrif siyosiy, iqtisodiy natijalari bilan ikki mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar tarixidan muhim o‘rin egallashi va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi muqarrar. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Samarqandda voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlandi
Jaloliddin Masharipov: "Qatar ustidan g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz"
AQSHda Tramp siyosatidan qochmoqchi bo‘lganlarga 4 yillik sayohat taklif qilindi