9 295
Gulnora Karimova ishlari chappasiga ketayotganini bilgan va shu haqda kuylagan…mi? (Klip)
Ayni damda ijtimoiy tarmoqlarda Gulnoraning “Yonimda bo‘ling” nomli qo‘shig‘iga ishlangan videoklipi keng tarqalayotgani bilan bog‘liq tarzda Qalampir.uz nashri G.Karimovaning faoliyati huquqiy tahlil qilingan maqola e’lon qildi. Quyida shu maqolani e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.
Gulnora Karimova. 2005 yildan buyon O‘zbekistonda eng ko‘p tilga olingan, OAVda eng ko‘p aytilgan nom bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2013 yilning oktyarbr-noyabr oylarini OAV, Gulnora Karimovaning loyihalarida muntazam ishtirok etib kelgan jamoatchilik vakillari, yoshlar yaxshi eslaydilar.
Har yil yakunida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan loyihalarga katta tayyorgarlik ko‘rilayotgan, yil yakunidagi taqdimot marosimlariga barchaning e’tibori qaratilgan palla edi. Birdan Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan telekanallar faoliyati to‘xtatildi. O‘tkazilishi kerak bo‘lgan loyihalar bekor qilingani sukut orqali tan olindi. Oradan ko‘p o‘tmay Fond forum 10 yillik faoliyatini ayni shu nuqtada tugatishini rasman e’lon qildi. Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi taxmin qilinadigan shirkatlar ustidan tergov jarayonlari boshlandi.
Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova jinoiy ishi yuzasidan to‘liq rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, 2013 yil 24 oktyabrda “Terra Group” MChJ, “Prime Media” MChJ, “Gamma Promotion” MChJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur jinoyat ishni tergov qilish davomida 1972 yil 8 iyulda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, Siyosiy tadqiqotlar markazi direktori lavozimida ishlagan, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Ya.G‘ulomov ko‘chasi, 77“a”-uyda ro‘yxatda turgan Gulnora Karimova Islomovna 2001–2012 yillarda N.Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar R.Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelganligi aniqlangan.
Jumladan, G.Karimovaning nazorati ostida va ko‘magida uyushgan jinoiy guruh a’zolari 2001–2013 yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan, xususan:
– fuqarolar va tadbirkorlarning 54,1 mlrd so‘mlik pul mablag‘lari, aksiyalari, ulushlari va mulkiy ob’ektlarini tovlamachilik yo‘li bilan egallash (G.Gaibnazarovning “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ va “Angren-sement” MChJdagi 4,1 mlrd so‘mlik aksiyalari, 4 mln AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, 17,3 mlrd so‘mlik 2 ta kvartirasi, 4 uy-joyi (hovli) va 8 ta avtomashinasi, Sh.Axmedovning “KOLORPAK” va “NASHRIYOT UYI TASVIR” MChJdagi 1,9 mlrd so‘mlik ulushi va boshqalar);
– turli korxonalardagi davlatga tegishli aksiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy ob’ektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 mlrd so‘mlik davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (“O‘zdunrobita” QKdagi 131,9 mlrd so‘mlik (49%), “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan LTD” MChJ shaklidagi QKdagi 14,6 mlrd so‘mlik (67,1%), “Rubicon Wireless Communication” MChJ shaklidagi QKdagi 9,6 mlrd so‘mlik (30%) davlat ulushi, 20,4 mlrd so‘mlik 50 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari va boshqalar);
– daromadlarni (1 trln 570,3 mlrd so‘m), ko‘rsatilgan xizmatlar, ishlar va sotilgan mahsulotlardan tushumlarni (253,9 mlrd so‘m) kamaytirib ko‘rsatish, imtiyozlarni noqonuniy qo‘llash (266,2 mlrd so‘m), tekinga xizmat ko‘rsatish, ortiqcha asosiy vositalar shaklida soliqqa tortish bazasini kamaytirish va boshqa yo‘llar bilan (994,3 mln so‘m) uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalar faoliyatida 2 trln 91,4 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
– jinoiy javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida uyushgan guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalari faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish va ularni yashirish.
Ushbu epizodlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov e’lon qilingan.
G.Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a’zolari N.Sodiqov, R.Madumarov, Sh.Sobirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga qo‘yidagi jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda:
– davlat organlari vakolatlarini asossiz o‘zlashtirgan holda, radiochastota resurslari va yer uchastkalarini noqonuniy realizatsiya qilishda firibgarlik (595 mln AQSh dollari yoki 866,7 mlrd so‘m), xizmatlarga haq to‘lashda mobil aloqa operatorlari abonentlaridan qo‘shimcha to‘lovlarni asossiz undirish (390 mlrd so‘m) yo‘li bilan o‘zganing 1 trln 256,7 mlrd so‘mlik mol-mulkini egallash;
– turli shaxslarning manfaatlarini “ilgari surish” uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga “bo‘naklar” olish (869,3 mln AQSh dollari va 29 mln yevro), radiochastota va yer uchastkalarini noqonuniy sotish (520 mln AQSh dollari), ulushlarni sotish va dividendlarni to‘lash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish (439,6 mln AQSh dollari), naqd pul mablag‘larini noqonuniy olib chiqib ketish (98 mln AQSh dollari), naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilmaslik (11,2 mln AQSh dollari), eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tushumidan majburiy 50% lik sotuvni amalga oshirmaslik (4,6 mln AQSh dollari), tovarlarni sun’iy oshirilgan narxlarda import qilish (129,7 ming AQSh dollari va 45,8 ming yevro) yo‘li bilan 1 mlrd 942,8 mln AQSh dollari va 29,1 mln yevro miqdoridagi xorijiy valyutani yashirish;
– deklaratsiyalarda import qilingan tovarlar miqdorini to‘liq ko‘rsatmaslik va ularning narxini kamaytirib ko‘rsatish (386,3 mlrd so‘m), olib chiqilgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirish (98 mln AQSh dollari yoki 209,4 mlrd so‘m), eksport qilingan mahsulot qiymatini pasaytirib ko‘rsatish (11,9 mlrd so‘m) yo‘li bilan jami 607,6 mlrd so‘mgabojxona qonunchiligini buzish;
– tovarlarni sotish, bajarilgan ishlar va xizmatlardan tushumlarni inkassatsiya qilmaslik (294,9 mlrd so‘m), pul mablag‘larini noqonuniy naqdlashtirish (278 mlrd so‘m) yo‘li bilan jami 572,9 mlrd so‘mga savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;
– hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida foydalanish;
– turar va noturar ob’ektlarni, boshqa mol-mulklarni sotib olish, uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi offshor kompaniyalar o‘rtasida soxta kontraktlar bo‘yicha pul o‘tkazmalarini amalga oshirish yo‘li bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish.
Ushbu holatlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
G.Karimovaga ayblov ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, shu jumladan, uyushgan jinoiy guruh a’zolari, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 14 ta firma va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari asosida e’lon qilingan.
Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln 270 mlrd 200 mln so‘m, 1 mlrd 651,8 mln AQSh dollari, 26,1 mln yevro (milliy valyutada jami 3 trln 746,8 mln so‘m)ni tashkil etadi.
Tergov materiallari bo‘yicha hozirda 12 ta xorijiy mamlakatlar hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd 394,1 mln AQSh dollari, 63,5 mln yevro, 27,1 mln funt va 18,5 mln frank miqdordagi legallashtirilgan mablag‘lari aniqlangan, shu jumladan:
Shveysariyada – 777,8 mln AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari va Koloni shahrida narxi 18,5 mln frank bo‘lgan ko‘chmas mulk (villa);
Shvetsiyada – 30 mln AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari;
Buyuk Britaniyada – 4,2 mln funt miqdorida pul mablag‘lari, London shahrida umumiy narxi 22,9 mln funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalar;
Fransiyaning Parij shahrida – kvartiralar va “Shato de Grussi” qasri, Santrope shahrida – villa (umumiy narxi 52,5 mln yevro);
Latviyada – 16,5 mln AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar, Riga shahrida park hududidagi umumiy narxi 9 mln yevro bo‘lgan ko‘ngilochar markaz;
Irlandiyada – 300 mln AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar;
Malta orolida – narxi 48,8 mln AQSh dollari bo‘lgan samolyot;
Germaniyada – 2 mln yevro miqdoridagi pul mablag‘lari;
Ispaniyada – 82 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari;
Rossiyada – 6 mln AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, umumiy narxi 2 mln AQSh dollari bo‘lgan Moskva shahri “Kamelot” turar joy kompleksidagi “pentxaus”, “Rublevka” massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va yer uchastkasi;
Gonkongda – 67 mln AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, “The Arch” osmono‘par binosida narxi 15 mln AQSh dollaribo‘lgan “pentxaus”;
Birlashgan Arab Amirligida – 32 mln AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, 31,5 mln AQSh dollari miqdoridagi oltin va oltin sertifikatlari, Dubay shahrida umumiy narxi 67,4 mln AQSh dollari bo‘lgan “pentxaus”, 2 ta villa va 2 ta mehmonxona komplekslari aniqlangan.
Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uyushgan jinoiy guruhning yuqorida qayd etilgan aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilgan.
Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda, deyiladi bayonotda.
Ko‘pchilikka ma’lumki, Gulnora Karimova xonandalik bilan ham shug‘ullangan. U ilk bor o‘ziga tegishli bo‘lgan “TVM” telekanali orqali “Unutma meni” nomli qo‘shig‘i va unga ishlangan videoklipni taqdim etgan edi. Faoliyatining so‘nggi yillarida Gulnora Karimova ingliz tilida kuylangan qo‘shiqlari jamlangan audioalbomni ham taqdim etdi.
Ayni damda ijtimoiy tarmoqlarda xonandaning “Yonimda bo‘ling” nomli qo‘shig‘iga ishlangan videoklipi keng tarqalmoqda. Foydalanuvchilarning iddao qilishicha, Gulnoraning ushbu videoklipi uning tergov ishlaridan keyin tayyorlangan va klipda uning 2004-2013 yillar davomida amalga oshirgan loyihalari aks ettirilgan.
Iddaolar o‘rinsiz bo‘lib chiqdi. Gulnora Karimova ijrosidagi “Yonimda bo‘ling” qo‘shig‘i 2013 yilning ikkinchi yarmida kuylangan bo‘lib, klip qish oylarida taqdim etilgan. YouTube’dagi Gulnora Karimova nomiga ochilgan sahifaga 2014 yil 2 yanvar kuni joylashtirilgan.
Klipni tomosha qilib, Gulnora Karimova o‘z ishlari chappasiga ketishini bilganmi, degan savol xayolimizdan o‘tdi. Boisi Karimova navbatdagi klipida tarixiy obidalar oralab, poyonsiz sahro tomon yo‘l olgan ayol obrazida gavdalanadi. Xarir libosi esa shamolda hilpiraydi va matoda Gulnora uyushtirgan tadbirlar, u boshchilik qilgan loyihalarning suratlari aks etadi. Go‘yo u 10 yil davomida amalga oshirgan loyihalar uning o‘zi bilan ortidan ketayotgandek tasavvur uyg‘otishiga urg‘u berilgandek.
Gulnora Karimova va unga aloqador guruhlar ustidan tergov harakatlari boshlanganiga 4 yil to‘ldi. Bu jarayonlar qanday yakun topishi vaqt va qonun iznida. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda