O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron «O‘zbekiston» telekanalining «Uchburchak» ko‘rsatuvi hamda uning boshlovchilari Nozima Vohidova hamda Nilufar Umrzoqovani keskin tanqid qildi.
«Uchburchak» tok-shousining 2017 yilning 23 dekabr sonida Muxlisa ismli kelin chiqish qilib, unga qaynotasi sevgi izhor qilgani, buning ortidan oilasi buzilib ketayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Ko‘rsatuvning 6 yanvar sonida kelini tomonidan shilqimlikda ayblangan qaynota va uning ayoli chiqish qilib, kelinning so‘zlarini rad etdi.
«O‘zbekiston» telekanalida namoyish etiladigan «Uchburchak» teleloyihasining so‘nggi ko‘rsatuvlarida avjiga chiqa boshlagan uyatsizlikka chidab bo‘lmaydi. Ko‘rsatuv mualliflari Nozima Vohidova bilan Nilufar Umrzoqovani (saviyasiniyam, darajasiniyam) yaxshi bilaman, har qalay ular 20 yil davomida TVda ishlagan yillarim ko‘z o‘ngimda bo‘lishgan. Bu o‘rinda men bu ikki farosatsizdan ko‘ra, eng avvalo, «O‘zbekiston» telekanalining noqobil rahbari qayoqqa qarayapti, degan savolni beraman.
Qolaversa, O‘zbekiston teleradiokompaniyasining rahbarlari Prezidentga yoqaman deb, erta-yu kech «O‘zbekiston–24» kanali bilan shug‘ullanavermay, boshqa telekanallarga ham hech bo‘lmaganda «mo‘ralab» tursalar yaxshi bo‘lardi.
«Uchburchak» teleloyihasining so‘nggi ko‘rsatuvlarini milliy atvorimiz-u aqidalarimizga qarshi qaratilgan raxna (diversiya) deb bilaman. Bunday nomaqbul, tanazzuldagi G‘arbning oila, nikoh va milliy qadriyatlarni rad etuvchi g‘ayriinsoniy qarashlarini targ‘ib etuvchi ko‘rsatuvlar ertaga jamiyatimiz hayotiga bemisl darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini nega tushunmaydilar.
Men bu xususdagi munosabatimni alohida maqolada bayon qilishimni ma’lum qilib, TV xodimlarini, ularga mas’ul «tepadagilar»ni bir narsadan ogoh qilaman. Bir paytlar (o‘tgan asrning 70-yillarida) shoh zamonidagi Eronda xuddi shunday mavzudagi, ya’ni uyatsizliklarni ochiq-oydin ko‘rsata boshlaganlarida, o‘sha sharmanda ona-yu otalarning qilmishlariga chidolmasdan o‘nlab bolalar o‘z jonlariga qasd qilganlari ma’lum. Agar ertaga «Uchburchak»da sharmandalik qilgan kimsalarning bolalaridan birontasi o‘zini o‘ldirsa, bunga eng avvalo, TV rahbarlari, jumladan «Uchburchak»ning befarosat mualliflari ham javob berishlari shartligini unutmasinlar. Bu dunyoda bo‘lmasa, Yaratganning oldida javob beradilar.
Zero, bugungi internet zamonida biron gap aytilgan joyida qolib ketmaydi. Ayniqsa, bunday uyatli gaplar internet orqali o‘sha sharmanda ayollarning mahallalariga, farzandlari ta’lim olayotgan maktab o‘quvchilari orasida bir pasda tarqalib ketadi. Tabiiy ravishda, o‘sha o‘zini sharmanda qilgan ayollar bolalarini qo‘llari bilan nuqib ko‘rsata boshlashadi. Bunday uyatsizlikka esa yosh bolaning ruhiyati dosh berolmaydi.
Internet tarmog‘i juda beshafqat. Uning berahm shafqatsizligi tufayli dunyoda minglab bolalar o‘z jonlariga qasd qilmoqda. Shu gaplarni yozaturib, ko‘zim yangi ma’lumotga tushdi: Avstraliyada tengdoshlarining internet orqali bildirgan kinoya va mazaxlar tufayli 12 yoshli qizaloq o‘z joniga qasd qilibdi…
Demokratiya va so‘z erkinligini chegarasizligu uyatni unutib hamma gapni ochiq aytish deb tushunmaslik kerak. Zero, buyuk shoir yozganidek:
"Dunyoda chegara ko‘pdir va lekin...
Yolg‘iz uyatsizlik chegarasi yo‘q…», deyiladi shoirning feysbukdagi sahifasida.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi