12:44 / 26.01.2018
14 844

Innovatsion beshik eksport qilina boshlandi

Innovatsion beshik eksport qilina boshlandi
Toshkentlik tadbirkor Fathulla Tojiyev ishlab chiqarishga innovatsiyalarni qo‘llagan holda, bugungi zamon talabiga mos beshiklar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. "Xalq so‘zi" nashri bildirishicha, yig‘ma beshik — shulardan biri.

— U ishga ijodkorona yondashuvimiz mahsulidir, — deydi “Fatxulla Mega Star” xususiy korxonasi rahbari F. Tojiyev. — Uning qulayligi shundaki, vazni yengil. Atigi 3-4 kilogramm atrofida. Eng asosiysi, dastasi olingach, yig‘ilib, ixcham sumkaga joylanadi. Onalar uni uzoq manzilga o‘zlari bilan bemalol olib ketishlari mumkin.

Shu kabi afzalliklari tufayli bu beshikka nafaqat ichki bozor, balki xorijda ham talab ortmoqda. Xususan, Qozog‘iston Respublikasiga qariyb 50 ming AQSh dollarilik yig‘ma beshiklar eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Ayni paytda mahsulotning dastlabki partiyasi — 2 ming dollarilik beshiklar buyurtmachilarga jo‘natildi. Qolgan qismi esa, kelishuvga ko‘ra, yil davomida yetkazib beriladi.

Bugungi kunda korxonada 26 kishi mehnat qilayotgan bo‘lib, kuniga 40 tagacha, 15 xildagi beshik yasash imkoniyati mavjud. Mahsulot tayyorlashda hunarmadchilikning o‘ymakorlik, naqqoshlik kabi turlaridan ham mohirona foydalanilayotgani ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

— Biznesning bu turini bejiz tanlaganimiz yo‘q, — deydi tadbirkor. — Beshikchilik bizga ota kasb hisoblanadi. Joriy Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida faoliyatimizni yanada kengaytirish, innovatsion ishlanmalarni joriy etish evaziga bolalar va onalar uchun birdek qulay bo‘lgan beshikning yangi turlarini yasashni rejalashtirganmiz.

Shu maqsadda tadbirkor tomonidan ishlab chiqilgan biznes-reja ayni paytda moliyalashtirish jarayonida. U to‘liq amalga oshsa, 25 taga yaqin ish o‘rinlari ochiladi. Muhimi, mahsulot tayyorlash va eksport qilish imkoniyati yanada kengayadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Innovatsion beshik eksport qilina boshlandi