07:30 / 08.02.2018
5 507

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!
Bugungi kunda O‘zbekistonda yashab turib, o‘z Vatani, undagi qadimiy obidalar va ularning tarixi haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolarimiz juda ko‘p, zero aksariyat o‘zi istiqomat qilayotgan joydan uzoqqa chiqmagan. Natijada O‘zbekistonda ichki turizm yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Mamlakatimizning bu boradagi salohiyati esa juda katta.

Hozirda O‘zbekistonda nafaqat tashqi, balki ichki turizmni rivojlantirishga nihoyatda katta e’tibor qaratilmoqda va bu jarayonga aholining barcha qatlamlarini keng qamrab olish ko‘zda tutilgan.

7 fevral kuni Xalqaro Press-klub tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ichki turizmni rivojlantirishga doir fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi va bu borada OAVning takliflarini tingladi.

Maktablar, kollejlar o‘quvchilari, OTM talabalari dam olish kunlari va ta’tillarda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga chorlandi. "Aksariyat o‘quvchi va talabalar o‘z viloyatidan tashqariga chiqmagan, bugungi kunda bu fojiaga tengdir. Hatto turizm kollejlari o‘quvchilari ham o‘zi yashayotgan joydagi tarixiy obidalar, ularning tarixi haqida ma’lumotga ega emas", - deydi qo‘mita raisi.

Foto: Xalqaro press klub
Aziz Abduhakimov

Yaqindagina Prezident tomonidan Navro‘z bayrami, Mustaqillik, Yangi yil kabi bayramlarda yiliga besh kun to‘xtovsiz dam olish kunlari joriy qilindi ("Golden week"- "Oltin hafta"). Turli tashkilotlar xodimlariga "oltin hafta" yoki dam olish kunlarida sayohat qilish tavsiya etildi.

Prezidentning «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, kollektiv shartnomalarga xodimlarning jamoaviy va oilaviy hordiq chiqarishini tashkil etish bo‘yicha har yili davlat organlari va boshqa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan o‘z xodimlarining kamida 10 foizini oila a’zolari bilan dam olishga yuborishni nazarda tutuvchi normani rag‘batlantirish chorasi sifatida kiritish rejalashtirilgan.

Xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat ta’tilining ishlatilmagan qismi hisobidan ularga qulay bo‘lgan vaqtda sayohat va dam olish uchun ortiqcha ishlangan kunga dam olish muddatini faol ravishda taqdim etish ko‘zda tutilmoqda.

Dastur chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida har yili 30 dekabrga qadar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun turistik-ekskursion turlar tashkil etish jadvalini tasdiqlash tavsiya etildi.

Bundan tashqari, pensionerlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ham yil davomida muayyan qulayliklar yaratilib, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkonini berish rejalashtirilgan.

Shunday sharoitlar yaratilayotgan bir davrda bunday imkoniyatlardan foydalanib qolmaslik "jinoyatdir". Hattoki oddiy uy bekalari ham O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilib, o‘z dunyoqarashlarini kengaytirishi, olgan taassurotlari asosida farzandlarini yurtimiz tarixi, undagi qadimiy obidalar va zamonaviy inshootlar bilan yaqindan tanishtirishi hamda bilimlarini boyitishi mumkin bo‘ladi. Zero kitobdan o‘qigan - boshqa, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan - boshqa.

Bu esa, tabiiyki, kelgusi avlod vakillarida o‘z vatani tarixiga qiziqish uyg‘otadi va shu asnoda ular ham o‘zlaridan keyingi avlodni bu jarayonga jalb qilishadi. Qarabsizki, ichki turizm rivojlanib, yurtimiz fuqarolarining o‘z mamlakati haqidagi bilimlari oshadi. Bilimli, o‘ziga ishongan fuqarolar esa yurt ravnaqini oshirishi shubhasiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!