17:01 / 15.02.2018
7 151

Meni yig‘latgan iboralar...

Meni yig‘latgan iboralar...
Magistr talabalariga bir savol berildi: "Ota kim?".
Javoblar har xil, chiroylisi ham oddiysi ham bo‘ldi. Lekin eng afzali bir talabaning quyida keltirgan javobi edi.

Ota...
Sen uni katta oyoq kiyimini kiyarding, oyoqlaring jajjiligidan, qoqilib ketarding. Ko‘z oynagini taqib, o‘zingni kattalardek his qilarding. Kiyimini kiyib viqor sezarding. Mashinasining kalitini berishini so‘rarding. O‘zingni uni o‘rniga qo‘yib o‘zing haydayotgandek xayol qilarding. Arzimas narsa uchun ish vaqtida unga qo‘ng‘iroq qilarding. Senga qalb to‘la quvonch bilan javob berardi. Sen bilan ish vaqtida gaplashgani uchun rahbaridan gap eshitishini yoki hamkasbi ishini tezroq bajarib berishini kutib turganini yo telefon orqali gaplashish unga ortiqcha xarajat bo‘lib, yana qiyinchilik keltirishini bilmasding.

Yana xotirjamgina:
- Dada, kelishingizga menga qulupnay sharbatini olib keling, - derding.
- Jonim bilan bolam, onangni qiynamagin-a? - deb javob berardi. Uyga ish, havoning issig‘-yu, sovug‘i, zahmat bilan charchab sening "buyurtma"ng esidan chiqib qolsa, kelishi bilan:
- Dada sharbat qani? - derding. Tabassum qilib, charchog‘ini ham unutib, sening «bema’ni» talabingni joyiga keltirish uchun chiqib ketardi.

Bugun esa...
Bugun sen ulg‘ayding. Uning oyoq kiyimini kiymaysan. Zamondan ortda qolgan bo‘lgani uchun. Liboslari, narsalari, o‘rtoqlaringga bir paytlar maqtanganing mashinasidan irganasan, mensimaysan. Chunki endi seni u narsalar qiziqtirmaydi. Otangni qarashlari esa, senikiga mos kelmay qoldi. Og‘aynilaringdan o‘zingcha xijolat qilib, ularning oldida otangni qilgan harakatlari seni achchig‘ingni keltiradi, asablaringni buzadi.

Kechiksang sendan xavotir olib qo‘ng‘iroq qilsa, sening yuraging siqiladi, o‘z holingga qo‘ymaganidan nafratlanib ketasan. Agar ko‘ngli xavotirdan joyiga tushmay takror va takror qo‘ng‘iroq qilsa, unga javob qilmay qo‘yaqolasan. Uyga kech qaytsang, mas’uliyatsizliging uchun koyiydi. Sen esa g‘azabdan yonasan. U esa buni bilsa ham oilaning boshi, har bir boshliq o‘z qo‘l ostidagilarga mas’ul ekanligi uchun tarbiyalashdan to‘xtamaydi.

Unga ovozingni ko‘tarasan, so‘zlaring bilan qalbini ezasan, unga bergan javoblaring, baqirishlaringdan jim bo‘lib qoladi. Qo‘rqqanligi uchun emas, balki seni yaxshi ko‘rgani, senga muruvvat qilganidan. Kechagina, yoshlik chog‘ida seni yelkasiga ko‘tarib, opichlab yurardi. Bugun esa, seni bo‘ying unikidan baland, uni qo‘lidan ham ushlashni xohlamaysan.

Kechagina gapirishni bilmasding, chuchuk tiling bilan gapirishga qiynalib xatolar qilarding. Bugun esa, hech kim senga «jim» deya olmaydi. Qanchalik malol keltirmasin, u sening otang, unutdingmi yoki? Bolaligingda seni tentakliklaring, erkaliging, jinniliklaringni ko‘targanidek, sen ham uni qarigan chog‘ida, bemorligida keltiradigan mashaqqatlariga mamnuniyatla bardosh ber. Unga marhamatli bo‘l. Sendan boshqalar, otasi yo‘qlar otasini yana bir bor ko‘rishni orzu qiladilar.

Mendan: «Kimni yaxshi ko‘rasiz?» deb so‘rashdi. Aytdim: «Menga 9 oy intizor bo‘lgan, shodon kutib olgan, moli va joni (sog‘ligi) evaziga meni tarbiyalagan, «ODAM» bo‘lishim uchun kechani kunduzga ulagan insonni» dedim. Otam men uchun toabad qalbimda eng yaxshi ko‘rganim bo‘lib qoladilar. Hammadan uzr surayman-u lekin, shuni bilaman, hech kim OTAga o‘xshamaydi. Ey Robbim, vafot etgan otalarni kechir. Rahmating, jannatingla qarshila. Kimning otasi hayot bo‘lsa, umrini toatingda uzaytir, g‘amlarini ketkaz, o‘zi kutmagan tarafidan rizqlantir, unga O‘z rahmatingni yog‘dir, gunohlarini kechir, Jannatingga kiradiganlardan qil!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Meni yig‘latgan iboralar...