19:40 / 18.02.2018
9 637

«Sevgi iztirobi» nega to‘xtatildi? Bundan boshqa tashvishimiz yo‘qmi?

«Sevgi iztirobi» nega to‘xtatildi? Bundan boshqa tashvishimiz yo‘qmi?
Hafta poyoniga yetmoqda. Demak, sarhisobning ayni vaqti. Bu muddat oralig‘ida Prezident Buxoroga safar qildi, bir vazirlik ikkiga bo‘lindi, yangi vazirlik tuzildi, yana qator iqtisodiy va siyosiy islohotlarga start berildi.

Ammo sizu biz, ayni shu islohotlarning bevosita ishtirokchilari bularning hammasi qolib, asosan «Sevgi iztirobi» uchun iztirob chekdik va yana ozroq qismimiz bokschilarimizning «Uzbek Tigers» jamoasi faoliyati to‘xtatilganiga achindik. Albatta, har ikki mavzu ham muhokamaga arziydi. Biroq o‘z uslubimizdan voz kechmadik, «Uzbek Tigers» bo‘yicha rasman quruq xabar va izoh bilan cheklanildi, hech kim sabablarini atroflicha tushuntirishni lozim topmadi. Jamoa faoliyati to‘xtatildi, tamom! Shunisi yetarli-da.

Serial namoyish etayotgan telekanal esa dastlabki fasl yakunlangani bilan tushuntirish berishga urindi. Aslida bu haqiqatdan yiroqligini, hammasi serial qattiq tanqid nishoniga aylanganini, bu esa telekanalning ham faoliyatiga jiddiy xavf solayotganini go‘dak ham bilardi.

Aslini olganda ommaviy axborot vositasining (bu o‘rinda «Zo‘rTV»ning) faoliyatiga aralashishga, uning efiridan nimanidir olib tashlashga buyruq berishga hech kimning haqqi yo‘q. OAV faoliyati qonun bilan himoyalangan, qonun buzilish holati yuz bersa, tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiriladi. Lekin bu o‘rinda ayni shu serial shu qadar ko‘p muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘ldiki, telekanal rahbariyati uzil-kesil chora ko‘rishga majbur bo‘ldilar.

Go‘zal manzaralar, kibor qahramonlar, hashamatli uylar, katta pullar va ehtirosli tuyg‘ular qorishmasi bo‘lgan «Sevgi iztirobi» ommaboplikda hammani ortda qoldirayotgandi. Bir qarashda shahvoniy tasvirlar yo‘q (bo‘lsa ham kesib tashlangan), manbasi ham Sharq davlati, ammo undagi bir holatga hech ko‘z yumib bo‘lmasdi — serial oila muqaddasligi tushunchasiga raxna solardi. Ayni mana shu jihat kechirilmadi, ajrashishlar, ko‘pxotinlik kabi holatlarga davlat miqyosida jiddiy kirishilgan bir paytda ayni shu holatlarni omma e’tiboriga olib chiqish yaxshi g‘oya emasligi aniq edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ikki guruhga aylanib olib, bir-birlari bilan tortishayotganlarning eng ko‘p qaytarayotgan gaplari «Axir hamma diskini olib, yoki internetdan ko‘raveradi-ku!». To‘g‘ri. Lekin bir savol: shu serial telekanal orqali namoyish etilmaganda, necha kishi uning diskini olib ko‘rardi? Yoki bir-ikki yil oldin shu serial haqida bilarmidik?

Umuman olganda gap bu haqda ham emas.

Gap uslubda. Biror muammo chiqsa, yaxshilab o‘rganmay, kelajakda buni qaytarmaslik yo‘llarini qilmay, shartta to‘xtatib qo‘ya qolishni juda yaxshi ko‘ramiz. Bu holat bokschilarimiz va ularning muxlislari uchun ikki karra alamli bo‘lsa, ajab emas (chunki bo‘lmagan musobaqaning diski ham chiqmaydi-da).

Undan-da g‘alatisi, sizu biz, aksariyatimiz dunyoda, Vatanda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotganda juda mayda narsalarga o‘ralashishni, haq-nohaqligimizni bilmay, uzluksiz bahslashishni, siyosat, iqtisod qolib, Nihonning kalta ko‘ylagiyu Kamolning ko‘rkam soqolini muhokama qilishni yaxshi ko‘ramiz.

Biz uchun bugun poydevori qurilayotgan kelajak emas, kechqurun yonboshlab olib ko‘riladigan tomosha muhim. Bizga qishloq xo‘jaligi bilan suv xo‘jaligining birgaligiyu alohidaligi hech narsani anglatmaydi. Biz hozir ko‘radiganimizni ko‘rishimiz kerak...
Abror Zohidov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Sevgi iztirobi» nega to‘xtatildi? Bundan boshqa tashvishimiz yo‘qmi?