“Xabar.uz” axborot-tahliliy portali shaxs daxlsizligiga oid savollar bilan O‘zbekiston Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ga murojaat qilgan edi. Hechdan ko‘ra kech bo‘lsa-da, bizga yetib kelgan javoblarni e’lon qilishni lozim topdik. Ushbu suhbat insonlar taqdiri, huquqlari, daxlsizligi borasida turkum materiallar, xabarlar tayyorlaydigan mutaxassislar uchun qo‘llanma bo‘lsa, ne ajab.
— Hozirgi kunda ayrim televideniye, gazeta va saytlarda aybi isbotlanmagan gumondorlarning yuzini, ism-familiyasi, manzili yoki avtomashinasining davlat raqami va boshqalarni ommaga ko‘rsatish hollari ko‘p uchramoqda. Jinoyati hali isbotlanmagan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi haqida ma’lumot tarqatish mumkinmi? Bu shaxs daxlsizligiga putur yetkazmaydimi?
— O‘zbekiston Konstitutsiyasining 26-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilangan.
Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.
Sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni tarqatishni OAV faoliyatining bir qismi deb baholash lozim. Chunki sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni oshkor qilish har doim ham noqonuniy hisoblanmaydi. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 461-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 1411-moddasiga muvofiq shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish yoki tarqatish uchun javobgarlik bunday harakatlar faqatgina shaxsning roziligisiz va qonunga xilof ravishda amalga oshirilganda vujudga kelishi belgilangan.
— Teleradiokanallarda, bosma nashrlarda, internet saytlarida, shuningdek, davlat organlarining veb-saytlarida ma’muriy va boshqa huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlangan shaxslar haqida ularning foto yoki video tasvirlarini e’lon qilgan holda ma’lumot tarqatish mumkinmi?
— “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga asosan O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkindirlar. Ular qonun hujjatlariga binoan axborotni izlash, olish, tarqatish huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotnnig xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Mazkur holatda OAV va jurnalistlar o‘z ishini bajarmoqda.
Ichki ishlar organlarining mazkur materiallarni tarqatishdagi ishtiroki masalasida ta’kidlash lozimki, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar tizimiga kiradi.
Shu qonunning 24-moddasiga muvofiq ichki ishlar organlari ayrim turdagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga, ayrim toifadagi shaxslarni aniqlash va ularga profilaktik ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan maxsus tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi va bu faoliyat huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi hisoblanadi. Huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
— ayrim turdagi huquqbuzarliklarning, shaxslar toifalarining ko‘payishi;
— jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tajovuz qiluvchi xatarlar va tahdidlarning yuzaga kelishi.
Demak, ichki ishlar organlari ham bu holatda o‘z vazifasini bajarmoqda.
Shu bilan birga “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida OAV orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlangan.
— Fuqarolar sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazilganda o‘zini qanday himoya qilishi mumkin?
— Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga ko‘ra fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli. O‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonni qoplashni talab qilishga haqlidir.
Agar fuqaro o‘z sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘si tahqirlangan, shaxsiy hayotiga aralashilgan, sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan deb hisoblasa, ma’lumotlarni tarqatgan OAV va boshqa manbalar ustidan sudga murojaat qilishi mumkin. Agar ma’lumotlarni tarqatgan OAV va boshqa manbalar bu ma’lumotlarning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, fuqaro sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli.
Odatda bunday holatlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarning isboti o‘zi bilan birga bo‘ladi, ya’ni tarqatilgan foto-videomateriallarda yoki huquqbuzarlik sodir qilinayotgan payt ko‘rsatilgan bo‘ladi, yoxud huquqbuzarlik sodir qilish ustida ushlangan shaxslar surati e’lon qilinadi. Ya’ni, ma’lumotlarni tarqatishni noqonuniy deyishga asos mavjud emas.
Huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar teleradiokanallar, bosma nashrlar, internet saytlari, shuningdek, davlat organlarining veb-saytlarida hamda boshqa OAV tomonidan faqat qonunga xilof ravishda tarqatilganda noqonuniy hisoblanadi. Bu huquqbuzarlik sodir qilishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foto-video tasvirini tarqatish holatlariga ham taalluqli, chunki amaldagi qonun hujjatlarida huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foto-video tasvirini tarqatishni taqiqlovchi norma mavjud emas. Bunday harakatlarni qonunga xilof deb baholash uchun esa har bir holatning tafsilotlarini alohida o‘rganib chiqish lozim bo‘ladi.
Lekin har qanday holatda ham fuqaro har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlardan, shuningdek, hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Ya’ni, o‘z sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘si tahqirlangan, shaxsiy hayotiga aralashilgan, sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan deb hisoblagan fuqaro sudga murojaat qilishga haqli.
Fuqaro bunday huquqidan istalgan paytda foydalana oladi, chunki shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish haqidagi talablarga nisbatan da’vo muddati tatbiq etilmaydi.
Ushbu sohada yuzaga keladigan nizolar sud organlari tomonidan hal etiladi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...