17:30 / 02.03.2018
4 871

Shavkat Mirziyoyev: “Yaqin yillarda Navoiyga eng sara investorlar keladi”

Шавкат Мирзиёев: "Яқин йилларда Навоийга энг сара инвесторлар келади"
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida istiqboldagi rejalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Taqdim qilingan rejaga ko‘ra, 2017-2019 yillarda 32 ta loyiha amalga oshirilib, 1659 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunda elektrotexnika, farmatsevtika va tibbiy buyumlar, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyihalarda marmar va granit toshlar, kompozit tosh mahsulotlari ishlab chiqarish rejasi ham o‘rin olgan. Tosh karyerlaridan marmar qazib olish, qayta ishlash, kompozit va arxitektura qurilmalari yaratish ishlari bajariladi.

– Navoiy viloyatida iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, – dedi Prezident. – Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish uchun tashabbuskor tadbirkorlarni topish kerak. Buning uchun yaqin vaqtda viloyatda biznes-forum tashkil qilish lozim. Unga chet ellik investorlarni ham jalb qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ana shunda Navoiyga eng sara investorlar keladi.

Viloyatda shisha mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi Zarafshon shahri hududida amalga oshiriladi. 350 kishining bandligi ta’minlanadigan korxonada silliq list oyna, shisha idishlar ishlab chiqariladi.

Prezidentga zamonaviy issiqxonalar tashkil qilish, parrandachilik, baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Baliqchilikka oid reja davlat rahbariga manzur bo‘ldi. Unda Karmana tumanidagi xonadonlarda kichik suv havzalari barpo etib, intensiv usulda baliq yetishtirish mo‘ljallangan. Loyihaga ko‘ra, ikki sotix yerda intensiv usulda baliq yetishtiriladi.

Ma’lum qilinganidek, Navoiy viloyatidagi “To‘dako‘l” suv havzasida ochiladigan baliqchilik majmuasiga 1200 gektar yer ajratiladi. Eronlik investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha yiliga 5000 tonna baliq, 4000 tonna qayta ishlangan baliq mahsulotlari (baliq filesi, farshi, dudlangan baliq) tayyorlashni ko‘zda tutadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: “Yaqin yillarda Navoiyga eng sara investorlar keladi”