Prezident 95 yoshli metallurg otaxonni elektromobil bilan mukofotladi (video)

Prezident 95 yoshli metallurg otaxonni elektromobil bilan mukofotladi (video)

95 yoshli metallurg, mehnat faxriysi Hamid Andayev Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda elektromobil sovg‘asiga sazovor bo‘ldi. Uchrashuv davomida otaxonning samimiy va hayotiy nutqi yig‘ilganlar tomonidan uzoq olqishlar bilan kutib olindi.

So‘zga chiqqan Hamid Andayev o‘zining mehnat faoliyatini eslab, 1955 yil 15 mart kuni harbiy xizmatdan qaytgach darhol ish boshlaganini va 2003 yil 10 avgustgacha uzluksiz mehnat qilganini aytdi.

"Eski ishchilardan bitta o‘zim qoldim. 1955 yil 15 martda armiyadan kelib, to‘g‘ri ishga kirganman. 2003 yil 10 avgustgacha ishlab, umrimizni mehnatga bag‘ishladik. Xudodan tilaymanki, sizga mening yoshimni bersin, baquvvat bo‘ling. O‘zbekistonni dunyoga tanitdingiz. Bu hali kam, oldinda qiladigan ishlaringiz ko‘p", — dedi mehnat faxriysi.

Otaxonning samimiy tilaklari zalda yig‘ilganlar tomonidan qarsaklar bilan qarshi olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham mehnat faxriysiga chuqur minnatdorlik bildirib, uning fidokorona mehnati yosh avlod uchun chinakam ibrat ekanini ta’kidladi.

"Ilohim, niyatlaringiz ijobat bo‘lsin. Kombinat va yurtimiz ravnaqi yo‘lida qilgan fidokorona mehnatingiz uchun sizdan minnatdorman. Siz bugungi yoshlarimiz uchun haqiqiy namunasiz. Aytganingizdek, biz ham sizning yoshingizga yetganimizda sizdek baquvvat va tetik bo‘lish nasib etsin", — dedi davlat rahbari.

Shundan so‘ng Prezident mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini eslatib, ushbu mehnat xizmatlarini e’tirof etish ramzi sifatida Hamid Andayevga elektromobil sovg‘a qilishga qaror qilganini ma’lum qildi.

"Mana shu elektromobilni uyga minib borib, 'Prezident sovg‘asi' deb aytsangiz, men bundan mamnun bo‘laman", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘ng davlat rahbari tantanali ravishda elektromobil kalitini mehnat faxriysiga topshirdi. Ushbu lahza tadbir ishtirokchilarining uzoq davom etgan olqishlari ostida o‘tdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar