
Rivoyat qilishlaricha, Muborak ismli odobli yigit bir boyning bog‘ida ko‘p yillar bog‘bon bo‘lib xizmat qilgan ekan. Bir kuni bog‘ egasi kelib unga:
— Menga anorning eng shirinidan olib chiq, — debdi.
Muborak unga anor uzib kelibdi. Xo‘jayin anorni yeb ko‘rsa, nordon ekan. Bog‘ egasining jahli chiqib:
— Men senga anorning shirinini olib kel, dedim, desam, sen nordonini olib kelibsan! Bor, menga shirin anor keltir! — debdi.
Shunda Muborak borib boshqasini olib kelibdi. Boy yeb ko‘rsa, u ham nordon ekan. Boy darg‘azab bo‘lib, uchinchi marta yuboribdi, bu safar ham olib kelgan anori nordon chiqibdi. Shunda xo‘jayin hayron bo‘lib so‘rabdi:
— Nima, sen shirin bilan achchiqning farqiga bormaysanmi?
— Farqiga boraman, ammo anorlarning qaysi biri shirin, qaysi biri nordon ekanini bilmayman-da, — javob beribdi Muborak.
— Nega bilmaysan?
— Men shu paytgacha bu bog‘da pishgan anordan tatib ko‘rmaganman.
— Nima uchun totib ko‘rmagansan? — so‘rabdi boy.
— Chunki bu bog‘ sizniki, sizning ruxsatingizsiz bog‘ning mevalaridan yeyishim o‘g‘irlik bo‘ladi-ku! Siz menga bog‘ni parvarish qilishni aytgansiz. Yeb ko‘rishga buyurmagansiz, — javob beribdi Muborak.
Bog‘ning egasi surishtirib ko‘rsa, haqiqatan ham bu yigit hali biron marta bog‘ning mevalaridan tatib ko‘rmagan ekan. Shundan so‘ng xo‘jayinning bog‘bon yigitga hurmat-e’tibori oshibdi. Xo‘jayinning bir qizi bor edi. Boy bog‘bonning halol-pokiza, taqvodor yigit ekanligini bilib, undan maslahat so‘rabdi:
— Ey Muborak, mening qizim balog‘atga yetib qoldi. Qanday insonga turmushga berishimni maslahat berasan?
Muborak javob beribdi:
— Johiliyat davrida odamlar qizi bor xonadonning shonu shuhratiga qiziqib uylanar edi. Hozirda ham ayrimlar mol-dunyosiga, boshqa birovlar husnu jamoliga qarab uylanadi. Vaholanki, islom dinida qizning dinu diyonatiga, aql-farosatiga qarab uylanish tavsiya etiladi.
Bog‘bonning bu taxlit mulohazalari boyga juda yoqibdi. Oila a’zolari bilan maslahatlashib, qizini unga nikohlab beribdi. Vaqti-soati kelib ular farzand ko‘rishibdi. Farzand butun Islom olamiga mashhur taqvodor va olim bo‘lib yetishibdi. O‘sha tug‘ilgan farzand — mag‘ribu-mashriqda birday mashhur inson, Marv shahrida tavallud topgan Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy edi.
Manba: Hordiq.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar