17:31 / 22.05.2018
3 844

Termiz universitetining sobiq rektori lavozimiga qayta tiklanish niyatida

Termiz universitetining sobiq rektori lavozimiga qayta tiklanish niyatida
Foto: Xidirnazar Allaqulov
2002—2004 yillarda Termiz davlat universiteti (TerDU) rektori bo‘lib ishlagan iqtisod fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov o‘z lavozimiga qayta tiklanish niyatida, deb yozadi u bilan suhbat uyushtirgan Sputnik'ga iqtibos keltirgan holda Daryo nashri.

Allaqulovning aytishicha, rektorlik faoliyati mobaynida universitetda sodir etilgan noqonuniy holatlar, korrupsiyaga vakolati doirasida qarshi kurashib chek qo‘yganligi uchun manfaatdor guruhlar va shaxslar unga tuhmat, prokuratura organlari esa adolatsizlik qilgan.

Jumladan, test sinovlarida mutlaqo qatnashmagan yoki yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar universitetda noqonuniy o‘qitilib, ularga noqonuniy diplomlar berib kelingan. Aniqlanishicha, bunday «talabalar» soni 917 nafarni tashkil etgan. Ularning orasida huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining farzandlari va qarindoshlari bo‘lgan.

Bu talabalar haqida Allaqulov yuqori idoralarga ma’lumotnomalar taqdim etgan, ammo muammo hal etilmasdan ochiq qoldirilgan. Buni ko‘tarib chiqqanligi uchun uning o‘zini ayblamoqchi bo‘lishgan.

Allaqulov huquqni muhofaza qiluvchi organlar himoyasida universitetning mansabdor shaxslari, firma va bank muassasalari rahbarlari tomonidan universitetning rasmiy kursda 600 ming AQSh dollariga teng talon-taroj qilingan pullarini universitetga qaytartirganini qo‘shimcha qildi.

Yuqorida kabi ishlari bundan manfaatdor guruhlar, shaxslar manfaatlariga zid kelganligi uchun Allaqulovga nisbatan shunday jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Sobiq rektorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar O‘zbekistondagi 14 ta sud, xususan, Oliy sudda ham ko‘rib chiqilgan va sudyalarning barchasi Allaqulovni haq deb, oqlov hukmini qabul qilgan. Shunday bo‘lsa-da, u o‘z lavozimiga qayta tiklanmagan.

Rektorlikka qayta tiklanish qarorini izohlar ekan, Allaqulov shunday deydi:

«Rektorlik davrimda talabalarning fan olimpiadalari bo‘yicha 59-o‘rinda turgan Termiz universiteti viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 1-o‘ringa ko‘tarildi. Universitetda ko‘plab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yoqlangan. Professor-o‘qituvchilar 13 ta fandan darslik va o‘quv qo‘llanmalari yozdi, ular respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlariga joriy etilgan. Talabalar, magistrantlar xalqaro grantlarni yutib, xorijdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qish uchun ketgan.

Universitet Rossiya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, hatto Avstraliya oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro aloqalar o‘rnatilgan. Universitetning barcha kafedralari, dekanatlari internet tizimiga ulanib, elektron pochtalar orqali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, elektron kutubxonalar tashkil etilgan va eng asosiysi, talabalarga subtitrli ma’ruzalar o‘qish yo‘lga qo‘yilgan edi. Professor-o‘qituvchilarning ijodiy mehnat faoliyati samaradorligini oshirish uchun universitetda ustama tabaqalashtirilgan ish haqlari joriy etilgandi».

Allaqulovning maqsadi rektorlik lavozimiga tiklanish orqali toptalgan sha’ni, qadr-qimmati va obro‘cini tiklash, mamlakatda ilm-ma’rifat va ta’lim jarayoni rivojiga hissa qo‘shish, O‘zbekistonda dunyo miqyosidagi raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda tajribasi va tashkilotchilik qobiliyatini ko‘rsatishdan iborat.

«Prezident va davlat arboblari nomiga 12 marotaba murojaat taqdim etdim. Ammo ular davlat rahbari e’tiboriga yetkazilmagan, degan fikrdaman. Shavkat Mirziyoyevdan avvalgi ishim, rektorlik lavozimiga tiklashni, shu orqali menga nisbatan adolatni uzil-kesil qaror toptirishda yordam berishini so‘rayman», — deydi Allaqulov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Termiz universitetining sobiq rektori lavozimiga qayta tiklanish niyatida