09:55 / 04.06.2018
5 501

Muborak yurtdan kelgan muborak yangiliklar

Muborak yurtdan kelgan muborak yangiliklar
Bismillahir rohmanir rohiym!

Olamlar Robbi Alloh taologa hamd bo‘lsin!

Hidoyatga boshlovchi, omonatdor sayyidimiz Muhammad va u zotning oila a’zolariga, sahobai kiromlariga hamda ularga yaxshilik ila ergashganlarga Qiyomatga qadar durud va salomlarning afzali va mukammali bo‘lsin!

Ammo ba’d:
Bu – muborak yurtlardan kelgan muborak yangiliklardir.

Dunyoga kelib, ko‘zlarimiz ko‘rib, quloqlarimiz eshita boshlagandan buyon sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislarini o‘rganar ekanmiz, u zot sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari bilan birgalikda hadis ilmida mo‘minlarning amiri Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy roziyallohu taolo anhuning ham ismlarini eshitar edik. Biroz ulg‘aygach esa, «Buxoriy deb qay yurtga nisbatan aytiladi?» deb so‘raydigan bo‘ldik. Shunda bizga «U Movarounnahrda joylashgan Buxoro degan shaharga nisbat beriladi», deyishardi. Bu muborak diyorlardan ummatning yetuk allomalari, imomlari yetishib chiqqan.

Ma’lumki, tolibi ilm fiqh o‘qisa, albatta imom Marg‘inoniyning ismiga, tafsir o‘qisa, imom Nasafiyning ismiga, hisob o‘qisa, imom Xorazmiyning ismiga, aqoid o‘qisa, imom Abu Mansur Moturiydiyning ismiga ko‘zi tushadi. Shunda u «Bu allomalar qaysi yurtdan?» deb so‘raydi. Unga yana o‘sha javob – bu zotlarning dovrug‘i nafaqat Islom olamini, balki butun dunyoni tutgan, qator yetuk olimlarni yetishtirgan o‘sha muborak diyorlarda tug‘ilib-o‘sganlar. Ularning ilmi nafaqat musulmonlarga, balki insoniyatga manfaatli bo‘lgan va inshaalloh, shunday bo‘lib qoladi ham.

Salkam bir asr davom etgan sovet ittifoqi parchalanib, uzoq tanaffusdan so‘ng bu diyorlarda Islomning, islomiy ilmlarning qayta uyg‘onishi nur ustiga nur bo‘lib, xursandchiligimizga xursandchilik qo‘shmoqda. Islomiy ilmlarning qayta jonlanishiga oid bu go‘zal va muborak xushxabarlarni qalbimiz to‘la surur va mamnuniyat ila qarshilamoqdamiz. Bu xayrli ishlarning barchasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari barakasi bo‘lib, ularning xazinaboni, ya’ni imom Buxoriy o‘sha muborak diyorlardandir.

Bu o‘lka ahlining faxri bo‘lmish ulug‘ ajdodlarning ilmiy merosini qayta tiriltirishga yordam berayotganlarning barchalarini Alloh taolo go‘zal mukofotlar ila mukofotlasin. Buxoro ahli, Samarqand, Nasaf va Toshkent ahliga salomlarimiz bo‘lsin!

Muhammad Mujir Xatib
Hadis fanlari doktori (Suriya)

Manba: islom.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Muborak yurtdan kelgan muborak yangiliklar