21:53 / 17.06.2018
5 774

Ro‘molli doktor...

Ro‘molli doktor...
Nima uchun ro‘mol o‘rab oldingiz, kimdir olamdan o‘tdimi?

Bunday ro‘mol o‘rashingizga nima sabab bo‘ldi?

Ro‘mol o‘rab olibsiz, vrachsiz, endi ishingiz nima bo‘ladi? Karera qilayotgan edingiz, TV va boshqa tadbirlar nima bo‘ladi endi?

Shu va shunga o‘xshash adog‘i yo‘q savollar…

Oxirgi bir-ikki oy ichida eng ko‘p eshitgan savollarim shular bo‘ldi.

Paradoks, aholimizning aksar qismi musulmonlardan iboratku, nega bizda bunday savollar yuzaga kelayapti? Chet elda ekanimda esa buning aksi, ya’ni nomusulmonlar (ateist, xristian, yevrey) «Muslimamisan, nega unda ro‘moling yo‘q?» deb so‘rashganda, to‘g‘risi uyalgan va nima deb javob berishimga boshim qotgan va noilojlikdan jilmayib qo‘ya qolgan edim. Namoz vaqti esa, «musulmonlar uchun namoz vaqti» deya eslatishardi. O‘zimizda esa musulmonlar bo‘lishimizga qaramay, namoz vaqtida yo‘q bo‘lib qolsang, xayron bo‘lishadi. Ishda ekaningda esa eshigingni taqillatib bezovta qilishadi. Biz kimmiz o‘zi? Musulmonmizmi? Nega unda shu kabi savollar, vaziyatlar yuzaga kelayapti?

Xullas, shu kabi savollar meni aynan bugun «boshimdagi ro‘molim» to‘g‘risida yozishimga sabab bo‘ldi. Savol egalariga umumiy javobimni shu maqolam orqali bayon qilgim keldi ruhsatingiz bilan. Zora shundan so‘ng, menga beriladigan shu asnodagi savollar kamaysa...

Xo‘sh nega men bugun ro‘moldaman? Olamdan o‘tganlar xam bor, ammo ular tirikligida xam meni ro‘molim boshimda edi. Ularni oxiratga rihlat qilgani va meni ro‘molim orasida na korrelyatsion, va na boshqa bog‘liqlik bor, ishoning.

Ro‘moldaman, vrachman, kar’eram yaxshi ketayotgan edi, endi nima bo‘ladi? Kar’eram to‘xtab qolgani yo‘q, ro‘molda ekanimdan buyon o‘zim va oilam, asosiysi ibodatim uchun ko‘proq vaqt ajrata olayotganimdan benihoyat mamnunman. Allohga shukur, ro‘mol o‘raganimdan beri men uchun kaysidir eshiklar yopilgan bo‘lsa-da, undan-da yaxshilari ochildi, ishoning. Ochiladigan eshiklarning eng a’losi, Jannat eshigi ochilishi muhimroq men uchun!

Bir necha TV dasturlarida ekspert-psixoterapevt sifatida qatnashayotgan edim, endi-chi? Ishoning, men uchun TV da chiqishdan ko‘ra, namozimni vaqtida o‘qishim muximroq. Narigi dunyoga men qatnashgan ko‘rsatuvlar bilan emas, ibodatlarim bilan imtixon qilinaman. Bilimim yuzasidan tavsiyalarni bo‘lishadigan paytim endi kelgandi. Sababi tinmay malaka oshirdim, o‘z ustimda tuxtamay ishladim, mevasini yeydigan paytim yo‘q bo‘lib ko‘rinmay qolibman. Ammo men shu yerdaman, ro‘mol meni boshimdaku, sizdami desam, ro‘mol ko‘zingizni to‘sib qo‘yganmi desam? Faqat meni ko‘rishni, uqishni istaganlar topib o‘qishadi.

Ro‘molimning asl sabablariga kelsak, bu xaqda xech yozishni o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Sababi men yozmasam xam, buning sababi aniqku, deb o‘ylardim. Dinimizda meni ro‘molimni muhokama qilishdan boshqa qancha ilmga bog‘liq muammolar bor, shuni muhokama qilish tug‘riroq deb o‘ylardim. Endi esa yozishga qaror qildim.

Avvalo Alloh barcha muslimalar uchun farz qilib qo‘ygani uchungina ro‘moldaman! Xavotir olmang, men yaxshiman, oilam tinch. Bunday deyishimga sabab, tanishlarim orasida «demak xayotida nimadir yuz berganki, ro‘molga kiribdi» deydiganlar xam topilmoqda. Bu savolingizga javobni kechagi «Ayol» tug‘risidagi maqolamdan topasiz, ya’ni buddizm dinidagi «pushtirang tilaщin» emasman.

Kur’on oyatlari va hadislarda muslimaning libosi xaqida juda ko‘p va xo‘b ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, butun tana va boshni yopish farzligi aniq-tiniq yozib qo‘yilgan. Menga shu savolni berayotganlar, siz xam men kabi g‘ofil, ko‘zi yumuq bo‘lmang! Allox biz uchun tayyor tushirib qo‘ygan ma’lumotlarni jilla qursa o‘qiylik, balki men kabi ko‘zingiz kech bo‘lsa-da ochilar! Men muslimanmi o‘zi, nega unda ochiq liboslar kiyib, o‘zimni begona erkaklarga ko‘z-ko‘z qilib yuribman degan savol tug‘ilib qolsa!?

Shularga qaramay, aynan men va nima uchun boshimda ro‘molim endi bor ekanini sabablarini qisqa aytib o‘taman:

1-SABAB. Odmilik - ro‘mol o‘rab, keng kiyim kiyganim uchun «figuram»ni ko‘z-ko‘z qilmayman, ya’ni kamchilik va ustunliklarim keng kiyim ichida bilinmay ketadi. Va bu bilan ko‘nglim hotirjam. Odamlar meni kiyimim yoki soch turmagimga qarab emas, aynan qilayotgan ishlarim, bildirayotgan fikrlarimga qarab men to‘g‘rimda xulosa chikarishlari uchun yaxshi imkoniyat.

2-SABAB. Go‘zallik – Alloh bergan husnim va lobarligimni begona ko‘zlardan asrab, faqatgina jufti halolim uchun atayman, bu bilan ularni xam ko‘ngillari to‘q. Uyimda pardoz, istaganimcha libos kiyib, ko‘chaga odmi kiyinib chiqishim ularni xam menga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlaydi. Bu esa men uchun juda muhim!

3-SABAB. Iymonlilik – odmi libos kiyib, boshimga ro‘mol o‘raganimdan beri, juda ko‘p asl mususmonlar orasida hurmat qozondim. Bu kiyimim bilan asl muslimlagim bilinib turganidan xursandman. Libosim o‘zgarganidan beri, yo‘limdagi avtohaydovchilar menga yo‘l beradigan (ilgari talashishardi), bino eshigini ochib beradigan (ilgari ochib bergan bo‘lsalar, faqat ortimdan qarash uchun qilishardi nazarimda), ayniqsa uyimdagi erkaklarim (o‘g‘illarim) men bilan fahrlanadigan bo‘lishdi! Bu men uchun asosiysi, ya’ni ko‘chadagi emas, uyimdagi erkaklarim uchun sevimli bo‘lish!

4-SABAB. Majburiyatlilik – ro‘molim meni gavjum joylarda muslimaligimni eslatib turib, shovqin solmay, demonstrativ emas, kamtarona ravishda ish ko‘rishimga yordam bermoqda. Bu meni muslimaligimni eslatib turuvchi libosim ekanligidan ko‘nglim to‘q!

Bu maqolam bilan boshqa ayollarni ro‘mol o‘rashga chaqirmoqchi yoki tanqid qilish fikridan yiroqman! O‘zim tanlagan yo‘l bilan bo‘lishmoqchiman xolos.

Ro‘molim, sabablar, savollar va unga javoblarni o‘zim va yaqinlarim uchun yana bir bor qayd kilib etish nasib etganidan xursandman! Allohga beadad shukur! Shu yulda tanishgan, do‘stlashgan yaqinlarimdan minnatdorman! Ro‘molim kar’eram va omadimga faqat yordam berishiga ishonaman!
Hurmat bilan,
Gavhar Teshaboyeva (ro‘molli doktoringiz).

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ro‘molli doktor...