HaloBraid: Robototexnika yordamida soch oʻrish vaqti 12 soatdan bir necha daqiqaga tushadi

Goʻzallik industriyasida inqilobiy oʻzgarish yasashni maqsad qilgan HaloBraid startapi soch oʻrish jarayonini avtomatlashtiruvchi yangi qurilmani taqdim etdi. Mazkur texnologiya ayollar uchun koʻp yillik muammoga aylangan, baʼzan 12 soatgacha davom etadigan murakkab soch turmaklash jarayonini bir necha barobar tezlashtirishga xizmat qiladi. Loyiha allaqachon investorlar eʼtiborini tortib, 7 million dollar miqdorida sarmoya jalb qilishga ulgurdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Gʻoya muallifi Yinka Ogunbiyi Harvard universitetining muhandislik magistri va MBA darajasiga ega boʻlib, u soch oʻrishni shunchaki anʼana emas, balki texnik yechim talab qiladigan muammo sifatida koʻrgan. Pandemiya davrida oʻz sochlarini mustaqil oʻrishga urinib, bunga toʻrt kun sarflagan muhandis, bu sohada avtomatlashtirish zarurligini tushunib yetgan. TechCrunch nashrining xabar berishicha, HaloBraid qurilmasi professional stilistlar uchun yordamchi vosita boʻlib xizmat qiladi.
Texnologiya qanday ishlaydi?
Qurilmaning ishlash prinsipi sodda va samarali: stilist soch oʻrishni boshlab beradi va jarayonning asosiy qismini HaloBraid qurilmasiga topshiradi. Robotlashtirilgan tizim qolgan qismni bir necha soniya ichida yakunlaydi. Hozirda patentlash jarayonida boʻlgan ushbu uskuna sochga zarar yetkazmaslik uchun maxsus yumshoq mexanizmlar bilan jihozlangan. U ayniqsa murakkab hisoblangan "knotless" va "box braids" uslubidagi turmaklar uchun moʻljallangan.Ogunbiyi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, dunyo boʻylab odamlar har yili soch oʻrish uchun taxminan 8 milliard soat vaqt sarflashadi. 2000 kishi ishtirok etgan soʻrovnomada respondentlarning 95 foizi, agar jarayon kamroq vaqt olsa, sochlarini tez-tez oʻttirgan boʻlishlarini bildirishgan. Bu esa bozorda ulkan talab mavjudligidan dalolat beradi.
Sarmoyadorlar va bozor istiqbollari
Loyiha Reddit asoschilaridan biri Alexis Ohanian boshqaradigan Seven Seven Six venchur jamgʻarmasi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Ohanianning ushbu sohaga qiziqishi tasodifiy emas. Uning turmush oʻrtogʻi, mashhur tennischi Serena Williams va farzandlari doimiy ravishda murakkab soch turmaklaridan foydalanishadi. Ohanianning soʻzlariga koʻra, u bu jarayonning naqadar uzoq va charchatuvchi ekanligini shaxsan kuzatgan.Stilistlar uchun ham bu texnologiya katta yengillik yaratadi. Uzoq vaqt davomida qoʻlda bajariladigan ogʻir mehnat koʻpincha kasbiy kasalliklarga, jumladan, artrit va boʻgʻim ogʻriqlariga sabab boʻladi. HaloBraid esa ushbu jismoniy yuklamani kamaytirib, salonlarga bir kunda koʻproq mijozga xizmat koʻrsatish imkonini beradi.
Ohanian Dyson brendi soch quritgichlar bozorini qanday oʻzgartirgan boʻlsa, HaloBraid ham soch turmaklash sanoatida shunday burilish yasashiga ishonadi. Qurilmaning ilk namunalari joriy yilning oxiriga qadar professional goʻzallik salonlarida paydo boʻlishi kutilmoqda. Bu kabi texnologik yechimlar anʼanaviy xizmat koʻrsatish sohalarini robototexnika yordamida modernizatsiya qilishning yorqin namunasidir.































Izohlar 0
…