17:11 / 04.07.2018
5 026

Qiz bolani erta erga bermang...

Qiz bolani erta erga bermang...
Birinchi Prezidentimizning kitobini varaqlay turib, bundan bir necha yillar muqaddam viloyatlardan biridagi safari chog‘ida aytgan so‘zlarini o‘qidim: “Qiz bolani erta erga bermang. Agar mening shu iltimosimni qabul qilsangizlar, men sizlardan umrbod rozi bo‘laman. Qiz bolani kollejni bitirmasdan, hunar egallamasdan turib, kimki turmushga bermoqchi bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, buni uzoqni ko‘ra bilmaslik, kaltabinlik deb hisoblayman. Qiz bola avval kasb egallasin, o‘z fikriga ega bo‘lsin, hayotni anglasin. Shundan keyin u hayotda o‘zining munosib o‘rnini topadi, jamiyatimizning faol a’zosiga aylanadi, ertaga u quradigan oila ham mustahkam bo‘ladi. Bu mening eng katta orzuim va tilagimdir”.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, mana shu so‘zlar har qanday odamni o‘yga toldiradimi? Atrofiga ziyraklik bilan boqishga undaydimi? To‘g‘ri, yurtimizda baxtli oilalar ko‘p. Ularni ko‘rib quvonasan. Afsuski...

Opa-singil quda bo‘ldi. To‘ydan bir oy o‘tib kuyov bola ajrashgani ariza yozgani kelyapti. Boshqa sevgani bor ekan. “Quda tutinsak, yanayam yaqin bo‘lamiz” deb o‘ylagan opa-singil yuz ko‘rmas bo‘lib ketyapti.

Yana bir xonadonda xali hayotning past-balandini ko‘rib ulgurmagan qiz kelinlik libosini kiyyaptiyu ikki oy o‘tib og‘rib qolgach, ota-onasinikiga ketmoqda. Kuyov “ajrashaman” deydi. Surishtirsangiz, arzimagan sabablar...

Ba’zi og‘zi polvon yigitlarimiz ota-onasining ra’yiga qarab kelinchakda ko‘ngli bo‘lsa ham javobini berib yuborayotir. Mahalla otinoyisining beparvoligini ko‘rib, hayron qolasiz.

Yarashtirish komissiyasida kechagina apoq-chapoq bo‘lgan qudalarning, bir-biriga shirin jilmayib turgan kelin-kuyovlarning oilaviy mojarolar oqibatida gapirayotgan so‘zlarini eshitsangiz, yoqa ushlaysiz.

Ish tajribamda mana shunday misollarga juda ko‘p duch kelaman. Erta nikoh oqibatida hali yoshlarning oila qurishga tayyor emasligi, bir-birini yaxshi tushunmasligi, fe’lu atvoridagi ziddiyatlar yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi. Kelinning orqasidan keladigan yo‘qlovlarning ozu ko‘pligiga qarab to‘n bichadiganlar bor. Ma’zar, somsa-patir qaynonaning ko‘ngliga yoqmapti, emish. O‘zingiz ham bir paytlar kelin bo‘lgan edingiz, eslaysizmi, deyish kerakmi?

Obdon tahlil qilsak, qizlarimiz boshqa uyga borgandan keyin tez-tez og‘rib qolayotganligini ham eshitamiz. Ana o‘shanda qaynona-kelin bir-birini tushunmaydi. “Kelinlik vazifasini bajara olmayapti” degan iddaolar yuzaga chiqadi. Aynan erta nikoh qurboni bo‘lmish qizaloqning yangi oilaga ko‘nikmayotganligi tufayli ham ajrimlar soni ortib borayotir.

Shu o‘rinda “Oila markazi”, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla fuqarolar yig‘ini – mana shu “uchlik” zimmasiga juda katta yuk tushadi. Tushuntirish, targ‘ibot, maslahat berish bilangina ish bitsa koshki edi. Biz erta nikoh, uning oqibatida ro‘y berayotgan ajrimlarning oldini olish masalasiga nihoyatda jiddiy e’tibor bermasak bo‘lmaydi. Buni shunchaki “har kungi gap-da” deya qabul qilmasligimiz zarur. Turmushning achchiq-chuchugini ko‘p totigan nuroniy otaxon va onaxonlar bizning chinakam madadkorlarimizdir. Keling, maktabda, oilada, mahallada, mehnat jamoalaridahayotimizga dog‘ bo‘lib tushayotgan mana shu masalaga kengroq yondashaylik.

Mustahkam oilalarimiz ko‘paysa, qizlarimiz baxtli xonadonlarning bekalari bo‘lsalar, nur ustiga nur. Yigitlarni ana shu baxt qo‘rg‘onini asrab-avaylashga o‘rgataylik. Kelinchak bosh egib ta’zim bilan kirgan yangi uyining ostonasidan yana boshini egib chiqib ketmasin.
Nodiraxon OMONBOYEVA,
fuqarolik holati dalolatnomalarini
yozish tizimi xodimasi.

Manba: “Darakchi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qiz bolani erta erga bermang...