17:50 / 28.08.2018
3 274

Samarqandda prezident akademiyasining hududiy filiali tashkil etildi

Samarqandda prezident akademiyasining hududiy filiali tashkil etildi
Davlat rahbarining 2018 yil 6 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Guliston, Qarshi, Samarqand, Urganch va Fargʻona shaharlarida akademiyaning hududiy filiallari tashkil etildi.

Zarnewsʻning yozishicha, quyidagilar akademiya hududiy filiallarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

zamonaviy sharoitlarda boshqaruv kadrlarining kasbiy bilim va saviyasiga qoʻyilayotgan talablarni hisobga olgan holda joylarda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi rahbar kadrlarning malakasini oshirish;

malaka oshirish kurslari tinglovchilarida mahalliy boshqaruv va hududiy rivojlanish sohasidagi chuqur va amaliyotga yoʻnaltirilgan, shuningdek, strategik rejalashtirish, gorizontal va vertikal munosabatlar tizimiga oid bilimlarni, davlat va hududiy dasturlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni sifatli ijro etish koʻnikmalarini shakllantirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, shuningdek, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning bosh¬qaruv kadrlari va masʼul xodimlari uchun vazirlik, idora hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlarini jalb etgan holda doimiy asosda oʻquv-amaliy seminarlarni tashkil etish;

oʻquv-amaliy seminarlar doirasida tinglovchilarda faoliyatni rejalashtirish va ish rejalari (“yoʻl xaritalari”)ni sifatli bajarish koʻnikmalarini shakllantirish;

malaka oshirish kurslari va oʻquv-amaliy seminarlar jarayonida aniqlangan muammolar boʻyicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash.

Hududiy filiallarga akademiya rektori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, shuningdek, maqomi va mehnatga haq toʻlash shart-sharoitlari boʻyicha akademiyaning fakultet dekaniga tenglashtiriladigan direktor rahbarlik qiladi. 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab malaka oshirish kurslariga mashgʻulotlar oʻtkazish uchun soatbay ish haqi toʻlash shartlari bilan jalb etiladigan shaxslarga soatbay ish haqining miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizdan ikki yarim baravargacha oshirilgan holda berilishi mumkin.

Qarorda hududiy filiallarda boshqaruv kadrlari, shu jumladan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida davomiyligi bir oydan oshmagan qisqa muddatli dasturlar boʻyicha malaka oshirilishi, malaka oshirish kurslariga faqat mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari hamda boshqa davlat tashkilotlarining boshqaruv kadrlari va masʼul xodimlari davlat granti asosida qabul qilinishi, hududiy filiallar faoliyatini uslubiy taʼminlash hamda malaka oshirish kurslari va oʻquv-amaliy seminarlar uchun oʻquv dasturlarini ishlab chiqish akademiya tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi, malaka oshirish kurslaridan muvaffaqiyatli oʻtgan boshqaruv kadrlariga belgilangan namunadagi sertifikatlar berilishi tartibi oʻrnatildi.

Akademiyaning Samarqand filiali Samarqand davlat universiteti bosh binosida faoliyat boshladi. 2018 yil sentyabr oyidan boshlab bu yerda Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlari shahar va tuman hokimlarining oʻrinbosarlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining shahar va tuman boʻlinmalari rahbarlari malaka oshiradilar.

Malaka oshirish kursi olti kun davom etib, 72 soatlik vebinar, suhbat, trening mashgʻulotlaridan iborat. Shuningdek, tinglovchilarga mustaqil taʼlim uchun topshiriqlar beriladi va ularni bajarish yakunida taqdimot, muayyan keys yechimi va yoki chora-tadbirlar rejasi va “yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi.

Vebinar mashgʻulotlari akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan onlayn tarzda olib boriladi. Suhbat va treninglar esa mini-maʼruza va mavzu boʻyicha muhokama shaklida, aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, keys-stadi va dialog shakllarida tashkil etiladi.

Malaka oshirish kursi tinglovchilarining oʻzlashtirishi akademiya taʼlim portali orqali onlayn monitoring qilinadi. Tizimli ravishda topshiriqlar berish va testlar yechish bilan ularning bilimi baholanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda prezident akademiyasining hududiy filiali tashkil etildi