12:06 / 21.10.2018
1 864

AQShning beshta nufuzli universiteti vakillari O‘zbekiston bilan tanishdi

AQShning beshta nufuzli universiteti vakillari O‘zbekiston bilan tanishdi
So‘nggi vaqtlarda butun dunyoda O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Xususan, xorijiy davlatlar yoshlari mamlakatimiz haqida yaqindan bilishga intilishyapti. Bunda nafaqat boy tarixiy-madaniy merosimiz, balki keng ko‘lamda davom ettirilayotgan islohotlar tufayli Vatanimizning barqaror taraqqiyotga erishib, xalqaro miqyosda mavqei yuksalib borayotgani ham muhim omil bo‘layotir.

Bunga yaqinda O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida AQShning beshta yetakchi oliy o‘quv yurti — Boston, Nyu-York, Kaliforniya, Beylor universitetlari hamda Ogayo shtati universiteti talabalari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirni misol sifatida keltirish mumkin. Unda xorijlik yigit-qizlarga mamlakatimiz tarixi, sayyohlik salohiyati, xalqimiz an’ana va qadriyatlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Yuqorida sanab o‘tilgan oliy ta’lim dargohlari, chindan ham, jahonda katta obro‘-e’tiborga ega. Masalan, Boston universiteti 1839 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda dunyodagi 100 ta eng nufuzli oliy o‘quv yurti ro‘yxatiga kiradi. Bu yerda 30 mingdan ortiq talabalar o‘qiydi, to‘rt mingga yaqin olim va o‘qituvchilar faoliyat yuritadi.

1831 yilda asos solingan Nyu-York universitetida esa 50 mingdan ziyod yigit-qizlar tahsil oladi. Uning bitiruvchilari va pedagoglaridan 31 nafari Nobel, 19 nafari “Oskar”, “Emmi”, “Gremmi” mukofotlari laureati bo‘lgan.

Kaliforniya, Beylor universitetlari va Ogayo shtati universiteti ham yuksak salohiyati bilan ajralib turadi.

Taqdimot chog‘ida mehmonlar elchixonaning tarixiy binosi hamda Vatanimiz haqida hikoya qiluvchi eksponatlar bilan yaqindan tanishishdi. Hunarmandlarimiz va san’atshunoslarimiz asarlari, shuningdek, mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari, turizm imkoniyatlari, ta’lim hamda boshqa sohalarni ravnaq toptirish borasida qilinayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari, qadimiy maskanlar, obidalarni asrab-avaylash, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, bir qator davlatlar sayyohlari uchun viza tartibi soddalashtirilgani to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarning tasavvuri yanada boyishi uchun ularga bosma materiallar, broshyuralar taqdim etildi. Vatanimiz tarixiy-madaniy hayotidan so‘zlovchi film namoyish qilindi.

Boston universiteti dekani Uolter Montano taqdimot yuqori saviyada tashkil etilganini bildirib, “Samarqand, Buxoro, Toshkent kabi tarixiy shaharlar to‘g‘risida hikoya qiluvchi film va materiallar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kelgusida ham bunday tadbirlarni davom ettirib, talabalarimizni O‘zbekiston bilan yanada yaqinroq tanishtirish istagidamiz” deya ta’kidladi.

Ogayo shtati universiteti 4-bosqich talabasi Emili Lipstroning aytishicha, har juma kuni ular uchun Amerika va xorijiy davlatlar muassasalariga sayohat uyushtiriladi. Bu gal O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida tadbir bo‘lishini eshitib, unda ishtirok etishni sabrsizlik bilan kutdi. “Yurtingiz haqidagi ma’lumotlar bilan tanishgach, menda O‘zbekistonga borish, bu go‘zal mamlakatni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish niyati tug‘ildi” dedi u.
Shavkat ORTIQOV tayyorladi.

Manba: "Xalq so‘zi"
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)