22:47 / 29.01.2019
7 649

Qanday qilib muddatidan oldin pensiyaga chiqish mumkin?

Qanday qilib muddatidan oldin pensiyaga chiqish mumkin?
“Xalq bilan yuzma-yuz” loyihasining bu galgi mehmoni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boʻldi. Vazirga berilgan savollar ichida eng koʻpi pensiya borasida boʻldi. Quyida aynan shu mavzuga oid savol javoblarni eʼtiboringizga havola etamiz.

Savol: Oila aʼzolarimdan birining yoshi 50 da, ayol kishi. Uning umumiy staji 33 yil. 1 yil qishloqdagi sil kasalliklariga qarshi kurash boʻlimida, 16 yil nogironlar uyida, 6 yil bolalar uyida ishlagan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan tasdiqlangan roʻyxatda shu sohada ishlagan ayollar 5 yil oldin pensiyaga chiqishi mumkinligi koʻrsatilgan. Lekin pensiya jamgʻarmasi bunga rad javobini berdi. Shu holatda imtiyozli pensiyaga chiqish mumkinmi?
Javohir JOʻRAMIRZAYEV.

Javob: Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2337, 2012 yil 12 mart) mavjud.

Unga koʻra, nogironligi bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim berish muassasalari, Mehribonlik uylarida 25 yil ishlagan vrachlar, oʻqituvchilar imtiyozli shartlarda (5 yil oldin) yoshga doir pensiyaga chiqish huquqidan foydalanadi. Albatta, qanday ­lavozimda ishlagani ham muhim. Bu holatni alohida oʻrganib koʻrish lozim.

Savol: Ayollar 20 yillik mehnat stajiga ega boʻlsa, pensiya yoshiga yetishidan qatʼi nazar, pensiyaga chiqadi, deb eshitgan edim. Lekin onam tuman pensiya idorasiga borib soʻrasalar, bunaqa narsa yoʻq, debdi. Savolim shuki, 20 yil stajga ega ayollar pensiyaga chiqa oladimi?
Bahodir ALMATOV.

Javob: Qonunchilikka muvofiq, yoshga doir pensiya olish huquqiga ayollar — 55 yoshga toʻlganda va ish stajlari kamida 20 yil boʻlgan taqdirda ega boʻladilar. Yaʼni pensiyaga chiqish uchun ham yosh, ham ish staji toʻgʻri kelishi kerak.

Shuningdek, yosh toʻgʻri kelib, ish staji yetarli boʻlmagan hollarda bor ish stajiga mutanosib ravishda pensiya tayinlanishi mumkin. Umuman, ish staji mavjud boʻlmagan shaxslarga esa belgilangan tartibda ijtimoiy nafaqalar tayinlanadi. Savolga keladigan boʻlsak, hali pensiya yoshiga yetmagan shaxs ish staji qancha boʻlishidan qatʼi nazar, pensiyaga chiqish huquqiga ega emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Qanday qilib muddatidan oldin pensiyaga chiqish mumkin?
[/banner_pushhouse