08:58 / 09.03.2019
5 195

“Korrupsiya Malikasi” — Gulnora Karimova ayblanayotgan korrupsion sxema haqida AQSH batafsil maʼlumot berdi (1-qism)

“Korrupsiya Malikasi” — Gulnora Karimova ayblanayotgan korrupsion sxema haqida AQSH batafsil maʼlumot berdi (1-qism)
Rossiyaning MTS mobil operatori AQSH Adliya vazirligi va uning huzuridagi Qimmatbaho qogʻozlar va birjalar komissiyasi bilan kelishuvga erishdi. Rossiya kompaniyasi Oʻzbekistondagi sobiq shoʻba korxonasi atrofidagi tergov doirasida 850 million dollarlik jarima toʻlashga tayyor.

AQSH rasmiylari ushbu tergovni 2014 yildan olib boradi, 2015 yil bahorda Niderlandiya prokuraturasi bilan birgalikda Vimpelcom, MTS va TeliaSonera kompaniyalarining Gulnora Karimova bilan aloqasi borligi taʼkidlanadigan Takilant kompaniyasi bilan bitimlari yuzasidan tergov boshlagandi.

Aslida-chi? Nega MTS AQSHga jarima pullarini toʻlashga rozi boʻldi? Gulnora Karimova qanday jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanyapti?

Nyu-York Janubiy okrugi prokuraturasi bayonotida taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova va MTSning Oʻzbekistondagi shoʻba korxonasi - Uzdunrobita sobiq bosh direktori Bekzod Ahmedov AQSHda pul yuvish va 865 million dollar miqdorida pora olishda ayblanmoqda. Ularga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Qayd etilishicha, jinoiy ish “xorijiy korrupsiya amaliyotlari toʻgʻrisidagi qonun tarixida eng yirik holat” yuzasidan ochilgan.

Tergov versiyasiga koʻra, Gulnora Karimova uchta telekommunikatsiya kompaniyasidan 865 million dollar miqdorida pora olish va keyinchalik bu poralarni AQSH moliya tizimi orqali yuvish uchun oʻz rasmiy mavqeyidan foydalanishda ayblanmoqda.

2004-2012 yillarda Uzdunrobita aksiyalarining 74 foiziga egalik qilgan MTS kompaniyasi AQSHda taʼsis etilgan boshqa kompaniya yordamida Uzdunrobitaʻga ega chiqqani iddao qilinmoqda. Oʻz oʻrnida Gulnora Karimova Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi qarorlariga taʼsir oʻtkazganlikda ayblanmoqda.

2004 yili “Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi raisi I.Karimov imzolagan hujjat eʼlon qilinadi. MTS oʻzbek bozoridan chiqib ketgan payt — 2012 yilda agentlik ham oʻzgaradi.

Prezident qaroriga muvofiq, u Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Karimova nazoratida faoliyat yuritgani iddao qilinayotgan Kolorit Dizayn Ink MCHJ reklama agentligi orqali Gulnora pora pullarni olgani taʼkidlanmoqda. MCHJning ayrim xodimlari 2004-2012 yillarda Uzdunrobita kompaniyasida ham ishlagan.

Shuningdek, AQSH Nyu-York Janubiy okrugi prokuraturasi ayblovida Gulnora Karimovaning korrupsion sxemasida yana 3ta kompaniya (A, B, C) ishtirok etgani, ularning 3 nafar rahbari ham shu ishga aloqadorligi taʼkidlanadi. Ayblovda kompaniyalarning biri 2004 yili tashkil etilgan paytda, unga rahbarlik qiluvchi direktor 20 yoshda boʻlgani bildirilgan.

Ayblovda maʼlum qilinishicha, 1991 yil Amerika kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Uzdunrobita kompaniyasining 20 foiz aksiyalari evaziga Gulnora Karimova kompaniyaga Oʻzbekistonda erkin faoliyat olib borish sharoitini yaratib berishni taklif etgan. Ushbu taklif 2001 yili Dubay shahrida Uzdunrobitaʻning amerikalik hissadorlari bilan uchrashuvda bildirilgani aytilmoqda.

Aksiyalar evaziga Uzdunrobitaʻdan manfaatdor sarmoyadorlarga soʻmning xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish ham taklif etilgan, aks holda Uzdunrobitaʻning oʻzbek bozoridagi taqdiriga tahdid qilingani maʼlum qilinmoqda.

2002 yilda Uzdunrobita ayblovda Karimova ishiga aloqador etib koʻrsatilgan 3 kompaniyaning birini (A) yangi hissador sifatida tanishtiradi va Uzdunrobitaʻga Bekzod Ahmedov bosh direktor etib saylanadi.

Ayblov versiyasiga koʻra, Karimovaning saʼy-harakatlari bilan Uzdunrobita, rasmiy auksion va qonuniy tartiblarni chetlab oʻtgan holda, faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega boʻldi.

Bundan tashqari, Gulnora Uzdunrobitaʻdagi davlatning oʻz ulushini yangi hissador sifatida ishga qoʻshilgan (A) kompaniyaga sotishiga erishadi. Shunday qilib, nomi oshkor etilmayotgan 3ta kompaniyaning biri, Uzdunrobita yangi hissadori sifatida ishga qoʻshilgan, keyinchalik davlat ulushini ham sotib olib, Uzdunrobita boshqaruvini qoʻlga olgan kompaniya konsalting va infratuzilmaviy xizmatlarni koʻrsatishi kerak edi. Ayblov bu yolgʻon kelishuv boʻlganini bildirmoqda.

(A) kompaniya 2004 yilda oʻz nomini oʻzgartirib, nazoratida boʻlgan 51,4 foiz aksiyalarini, ayblovda 3 kompaniyaning biri sifatida koʻrilayotgan, boshqa (B) kompaniyaga oʻtkazib bergan.

2004 yildan boshlab Rossiyaning MTS mobil operatori Uzdunrobita orqali oʻzbek bozoriga kirishni reja qila boshlaydi. Bu reja asosida MTS Gulnoraga 100 million dollar pora bergani iddao qilinmoqda.

Uzdunrobita bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Bekzod Ahmedov MTSga (B) kompaniyaning Uzdunrobitaʻdagi 33 foiz aksiyasi va Amerika kompaniyasi nazoratida qolayotgan 41 foiz aksiyalarni sotib olishga sharoit yaratib berganiga ishonilmoqda. Ammo MTS amerikaliklar sotib olgan narxdan olti baravar qimmat qiymatda aksiyalarni sotib olgani taʼkidlanmoqda.

MTS va (B) kompaniya kelishuviga koʻra, (B) kompaniyaning Uzdunrobitaʻdagi 26 foiz ulushi kelasi 3 yilda 37,7 million dollarga sotilishi mumkin boʻlgan.

Shunday qilib, (B) kompaniyaning Latviyadagi bank hisob raqamiga MTS 100 million dollar koʻchirgan.

2007 yil 2 avgustda Karimovaning taʼsiri bilan Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi Uzdunrobita faoliyatini qoʻshimcha litsenziya ila toʻldirishga rozi boʻladi.

26 foiz ulushni sotib olish boʻyicha kelishuv Karimovaning tashabbusi bilan oʻzgartiriladi, negaki kompaniyaning bozor qiymati oʻsib borayotgandi. Shu tufayli, investitsion banklardan biri ulush qiymatini baholashga chaqirilgan. Aniqlanishicha, (B) kompaniyaning Uzdunrobitaʻda qolgan 26 foiz ulushi 250 million dollarga teng, deb topilgan. 2007 yil 26 iyunda MTS direktorlar boshqaruv kengashi (B) kompaniyaga 250 million dollar toʻlashga rozilik beradi va pullar (B) kompaniyaning Hong-Kongdagi bank hisob raqamiga oʻtkaziladi.

2008 yil ikkinchi yarmida MTS oʻzbek bozorida faoliyat yuritish uchun Gulnora Karimovaga yana 30 million dollar pora bergani, pullar 2008 yil oktabr va 2009 yil iyul oylari oraligʻida Hong-Kong va Rigadagi bank hisob raqamlariga oʻtkazilgani iddao qilinmoqda.

Shuningdek, Karimova nazoratida boʻlgani aytilayotgan Kolorit kompaniyasini sotib olish koʻrinishida, 2009 yili 59,3 milliard soʻm pora berilgani aytilmoqda. Karimovaning xayriya ishlariga koʻngilli toʻlov koʻrinishida esa 2012 yili 1,1 million dollar pul berilgan.

AQSH Prokuraturasining maʼlum qilishicha, pullarning barchasi Nyu-Yorkdagi moliyaviy korrespondentlik institutlari tomonidan oʻtkazilishi taʼminlangan.

Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » “Korrupsiya Malikasi” — Gulnora Karimova ayblanayotgan korrupsion sxema haqida AQSH batafsil maʼlumot berdi (1-qism)
[/banner_pushhouse