20:21 / 11.03.2019
4 939

Uy hayvonlariga pasport berilmoqda

Uy hayvonlariga pasport berilmoqda
Joylarda hayvonlarini identifikatsiya, yaʼni hisobga olish ishlari boshlab yuborildi. Buzoq, qoʻzi, uloq va boʻtaloq tugʻilganidan oʻn toʻrt kun oʻtib, bir oydan kechikmasdan, qulun va xoʻtik toʻrt oyligidan, choʻchqa bir oyligidan, kuchuk va mushukcha uch oyligidan hisobga olinadi.

Bu jarayon qoramol, qoʻy, tuya, ot, eshak, choʻchqa, it va mushuk kabi hayvonlar oʻrtasida amalga oshirilmoqda. Har bir hayvon turiga taqiladigan atribut turi, hayvonlarni elektron tarzda hisobga olish va hisobdan chiqarish tizimining ishlash jarayonini inobatga olgan holda xorijiy tajribalar asosida olib borilmoqda.

– Issiq iqlim sharoitimizga mos keluvchi atributlar standartdan oʻtkazildi, – deydi Davlat veterinariya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Abror Akbarov. –Bunga qadar Turkiya va Shvetsariya atributlari oʻrganib chiqildi. Soʻngra atributlar oʻlchami, elektron birkalarga 15 xonali takrorlanmas raqam berilganligi, rangi, rangsizlanishi, antialergik xomashyodan tayyorlanganligi hamda issiq iqlim sharoitiga chidamliligi Davlat standartidan oʻtkazildi. Ayni vaqtda xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Xalqaro ekspert Slobaden Chokrevskiyning fikriga koʻra, Oʻzbekistonda identifikatsiya qilingan hayvonlarni yagona elektron maʼlumotlar bazasiga kiritish orqali oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, aholini sifatli chorvachilik mahsulotlari bilan taʼminlash, shuningdek, aholi oʻrtasida hayvonotga mansub boʻlgan turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olishga erishish mumkin. Shuningdek, chorvachilik mahsulotlarining xorijga eksport qilinishida birmuncha qulaylik yaratishi mumkinligini alohida qayd etdi.

Ayni vaqtda Toshkent viloyatida bu boradagi yumushlar boshlab yuborildi. Bunda hayvonlarga identifikatsiya raqami berilganidan soʻng uch ish kuni mobaynida davlat veterinariya xizmati vakili hayvon egasiga veterinariya pasportini rasmiylashtirmoqda. Bu pasport tuman (shahar) veterinariya boʻlimi boshligʻi tomonidan imzolanib, muhr bosiladi.

Saqlanayotgan (boqilayotgan) har bir bosh hayvonga veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi (qoʻy va echkiga guruh usulida veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi mumkin).

Veterinariya pasportiga hayvonlarning identifikatsiya raqami (yangi tugʻilgan hayvon bilan birga, uni tuqqan hayvon toʻgʻrisidagi maʼlumot ham kiritiladi), hayvonlarning kasalliklarga qarshi profilaktikasi va ularni davolash ishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi. Keyinchalik profilaktika, tashxis qoʻyish va davolash tadbirlari oʻtkazilganda, hayvon egasi oʻzgarganda va boshqa holatlarda pasportga maʼlumotlar kiritib boriladi.

Agar veterinariya pasporti yoʻqolsa yoki yaroqsiz holga kelib qolsa, tegishli tartibda uning dublikati beriladi.
Mazkur tadbirlar bosqichma-bosqich boshqa viloyatlarda ham amalga oshirilishi moʻljallanmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uy hayvonlariga pasport berilmoqda