
TAʼZIYA
Osmon qarab turdi, yer chidab turdi,
Vahshiylik toʻniga burkandi lain.
Ogʻir bir sukunat suqilib kirdi,
Zotan oʻlim haqu, oqibat tayin…
Dilni moziy quchgan xun oʻti yedi,
Butun bashariyat tutindi guvoh –
Bu gul qismatlarning hayoti edi,
Kompyuter oʻyini emasdi, e voh.
Bilaman, milliyard gʻichirlar tishlar,
Qoʻllar bugʻmoq istar ul sharafsizni:
Allohning uyida boʻldi bu ishlar,
Allohning uyida, eshityapsizmi?!
Ochildi jamiki oriy pardalar,
Olam oʻz iqrorin sochdi oxiri:
Qiyomat jumada kelar, derdilar,
Bugun sodir boʻldi kichik zohiri.
Yigʻladim onamni yoʻqotgan kabi,
Singlimdan ayrilgan akadek, doʻstlar.
Allohning yoniga ketdi talabi
Allohning Oʻzini tanigan koʻzlar.
Birgina, birgina yupanchim shulki –
Bari oʻch, bari xun yotur gʻalvirda:
Hali hammasini qiyomat tongi
Koʻramiz Maydonda, jonli efirda!
Xayrulla Xamidov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar