13:42 / 30.04.2019
4 158

Sobiq «Abu Saxiy» bozori hududidagi sotuvchilar orasida norozilik kelib chiqdi

Sobiq «Abu Saxiy» bozori hududidagi sotuvchilar orasida norozilik kelib chiqdi
Toshkent shahar hokimligi 29 aprel kuni «Toshkent savdo markazi» (sobiq Abu Saxiy) hududidagi «Gipermarket»ga yaqin joyda savdo qilayotgan sotuvchilar orasida kuzatilgan norozilik bo‘yicha tegishli tartibda o‘rganish va tushuntirish ishlari olib borilganligini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda aytilishicha, «Gipermarket» atrofida savdo nuqtalari tashkil etilmagan bo‘lib, kiyim-kechaklar bilan savdo qiluvchi sotuvchilarning ayrimlari mahsulotlarini yerga yoyib, faoliyat yuritishgan.

Ayni shu hududda 2019 yilgi kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik yuzasidan ichimlik suvi quvurlarini yangilash ko‘zda tutilgani bois, ularga «Chinni bozor» va «Bek baraka» savdo majmualari oralig‘idagi hududda tegishli ruxsatnoma asosida savdo qilish taklif etilgan. Bu sotuvchilar o‘rtasida tushunmovchilikka sabab bo‘lgan.

Mazkur holat bo‘yicha tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida sotuvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Natijada, suv quvurlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ta’mirlash-sozlash ishlari vaqtincha to‘xtatildi.

Shuningdek, ushbu sotuvchilarning har biri bilan bozor ma’muriyati o‘rtasida istisno tariqasida 2019 yil sentyabrga qadar faoliyat yuritishlarini ta’minlovchi shartnomalarni imzolashga kelishib olindi. Buning uchun esa sotuvchilar soliq idorasidan yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni kafolatlovchi ruxsatnoma olishlari talab etiladi.

Qayd etish joizki, yuqoridagi tushunmovchilik holatlari yuzasidan tomonlar huquq va manfaatlaridan kelib chiqib, zarur choralar ko‘riladi, deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sobiq «Abu Saxiy» bozori hududidagi sotuvchilar orasida norozilik kelib chiqdi