09:07 / 04.05.2019
2 870

Respublika fan olimpiadalariga doir prezident qarori qabul qilindi

Respublika fan olimpiadalariga doir prezident qarori qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimining belgilangan shtatlar soni doirasida ushbu vazirlik tuzilmasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etildi.

Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:

iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlab borish, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ular asosida ta’lim muassasalari uchun tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish;

umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy va xalqaro, shu jumladan, nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish, ularning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash;

yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda olimpiadalar uchun doimiy yangi nazorat materiallarini ishlab chiqish;

xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, olimlar, professor-o‘qituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlash, ingliz tili va rus tili fanlaridan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish;

olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilarning kelgusidagi faoliyatini monitoring qilib borish va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.

Quyidagilar:

G‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati;

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadalari ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda davlat ta’lim standartlari o‘quv dasturlari va rejalarida belgilangan fanlar hamda ularga ajratilgan o‘quv soatlaridan kelib chiqqan holda asosiy olimpiadalar o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan olimpiada g‘oliblariga “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktiriladi.

Belgilanishicha:

a) xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – 500, o‘qituvchisiga –450 baravari;
2-o‘rin (kumush medal) uchun – 300, o‘qituvchisiga –250 baravari;
3-o‘rin (bronza medal) uchun – 200, o‘qituvchisiga –150 baravari;

b) asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin uchun – 50 baravari;
2-o‘rin uchun – 35 baravari;
3-o‘rin uchun – 30 baravari;

v) xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi;

g) ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan:

xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz;

asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi;

d) oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

Departament O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 4-11 sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun har chorakda onlayn tarzda olimpiadalar tashkil qilish orqali iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantiradi hamda zaxiraga kiritilgan yoshlar uchun Xalq ta’limi vazirligi veb-sayti orqali har oyda chuqurlashtirilgan nazorat materiallari, shu jumladan, test, yozma ishlar uchun masalalar yetkazib borilishini ta’minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) asosiy olimpiadalarni tashkil qilish hamda xalqaro olimpiadalar uchun ishtirokchilarni saralash va tayyorlash xarajatlari:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;

b) o‘quvchi yoshlarning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq, shu jumladan, sutkalik, yashash va transport xarajatlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;

v) asosiy va xalqaro olimpiada g‘oliblari hamda ularning o‘qituvchilariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotlari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga to‘lanadigan ustama haqlari bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Respublika fan olimpiadalariga doir prezident qarori qabul qilindi