23:57 / 22.10.2019
4 867

Ahmed Aliyev: MXX sobiq generali O‘zbekiston rahbarlariga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgandi

Ahmed Aliyev: MXX sobiq generali O‘zbekiston rahbarlariga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgandi
Jasliq qamoqxonasida o‘tirib chiqqan «Aliyev zargari» (Gold Center) zargarlik kompaniyasi rahbari Ahmed Aliyev O‘zbekistonda 2011—2012 yillarda mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Islom Karimovni hokimiyatdan chetlatish va o‘sha vaqtda bosh vazir lavozimida faoliyat olib borgan Shavkat Mirziyoyevni o‘ldirishni maqsad qilgan to‘ntarish rejalashtirilganini ma’lum qildi. U bu haqda 21 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi Daryo nashri.

Ahmed Aliyev 2012 yili hibsga olingan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 23 ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. 2013 yili esa u uyushgan jinoiy guruh tuzishda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2019 yil sentyabrida esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi «Aliyev ishi»ni qayta ko‘rib chiqib, uni sud zalidan ozod qilgan edi.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, uning qamalishiga bir tomondan iqtisodiy, boshqa tomondan esa siyosiy sabablar bo‘lgan. Uning o‘zi qamalishida siyosiy sabablarni asosiy rol o‘ynagan deb hisoblaydi.

«2011—2012 yillarda O‘zbekistonda davlat to‘ntarishi tayyorlangan. Agar o‘sha to‘ntarish amalga oshsa, o‘sha vaqtdagi prezident Islom Karimov lavozimidan chetlatilardi. O‘sha davlat to‘ntarishi doirasida o‘sha vaqtda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev jismonan yo‘q qilingan bo‘lardi. Takrorlayman, uni jismonan yo‘q qilishmoqchi edi. Meni shu to‘ntarish haqida bilib qolganim uchun qamashgan», — deydi Ahmed Aliyev.

Taniqli zargarning ta’kidlashicha, «Shavkat Mirziyoyevni jismonan yo‘q qilish rejasi ortida shaxsan general Shuhrat G‘ulomov turgan». Aliyev, shuningdek, 2019 yilgi apellyatsiya sudlarida aytgan gaplarini takrorlagan — 2014 yili unda to‘ntarish bo‘yicha bilganlarini oshkor qilish imkoniyati tug‘ilgan, yozganlari kerakli odamlargacha yetib bormagan bo‘lsa-da, keyinchalik aynan uning yozganlari asosida huquq-tartibot organlari yuqori martabali amaldorlarga nisbatan jinoyat ishi ochgan.

Ma’lumot uchun, MXX (hozirgi DXX)ning sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov 2017 yili O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va giyohvand moddalar kontrabandasini tashkil etishda aybdor deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan edi. Shavkat Mirziyoyev uni «sotqin» deb atagan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ahmed Aliyev: MXX sobiq generali O‘zbekiston rahbarlariga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgandi