11:23 / 15.11.2019
2 989

Ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha yangi qonun: avval sinaladi – keyin joriy etiladi

Ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha yangi qonun: avval sinaladi – keyin joriy etiladi
7.11.2019 yildagi «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi Qonun e’lon qilindi. Qonun normalari ayrim tuman va shaharlarda dastlabki sinovdan o‘tkaziladi, keyin esa tuzatishlar kiritilishi mumkin va shundan keyingina ular kuchga kiradi.

Norma’ning yozishicha, bu hujjat ushbu sohani tartibga soluvchi qonun hujjatining uchinchi versiyasi hisoblanadi: birinchi qonun 1999 yilda, ikkinchisi – 2006 yilda qabul qilingan edi. To‘planib qolgan muammolar – XUMSh va UKX tashkilotlari hamkorligining sustligi, ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda kompleks yondashuvning hamda uni but saqlanishini ta’minlash ustidan nazoratning mavjud emasligi, shuningdek huquqbuzarliklar, shu jumladan ta’mirlash-tiklash ishlari muddatlari va qoidalarining buzilishi kabilar qonun chiqaruvchilar tomonidan qonun qayta ko‘rib chiqilishini taqozo etdi.

Yangi qonun ustida ishlash ancha vaqt talab etdi. Qonun loyihasi jamoatchilikka bir yilcha oldin taqdim etilgan edi. Loyiha ekspertlar davralarida muhokama qilindi, mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan maslahatlashildi, bundan keyin esa bildirilgan fikrlar, e’tirozlar va takliflar hisobga olinib, hujjatga tuzatishlar kiritildi.

Qonunning yangi tahriri amaldagisidan qanday farqlanadi:
birinchidan, unda ayrim atamalarga («ko‘p kvartirali uy» va boshqalar) ta’riflar berilgan, uylarga tutash hududlarga munosabatlar va boshqa umumiy qoidalar yanada batafsil tartibga solingan;

ikkinchidan, bir tarafdan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan sohani muvofiqlashtirish yo‘nalishlari va Uy-joy fondi inspeksiyasining nazorat vakolatlari, boshqa tarafdan esa uy-joylar mulkdorlarining huquq va majburiyatlari qayd etildi. Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruv organlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dastaklari ko‘paytirildi – avariya holatlarini tugatishda hamda soha uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda ko‘maklashish ular jumlasiga kiritildi;

uchinchidan, tartib-taomillarga oid masalalarga – ko‘p kvartirali uylarni boshqarish usulini tanlash va o‘zgartirish tartibiga, bunday shakllarning har birining jihatlariga – bino mulkdorlari, boshqaruvchi tashkilotlar yoki boshqaruvchi yoxud XUMSh tomonidan bevosita boshqaruv (har bir shakliga alohida bob bag‘ishlangan);

to‘rtinchidan, mahalliy hokimiyat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘zaro munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlari belgilandi. Joylardagi hokimiyat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi organlarning ishiga aralashish taqiqlandi. Bank kreditlarini olishda hokimiyatlar kafil bo‘lishi mumkinligi belgilandi. Sub’ektlar ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish va boshqa masalalar yuzasidan tashkilotlar bilan hamkorlik qiladilar.

Uy-joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulk ta’minoti, undan foydalanish va ta’mirlash, tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha badallari yoki to‘lovlariga taalluqli qismida konseptual o‘zgartirishlar kiritilmagan. Ularning miqdori hozirgidek, umumiy yig‘ilish qarori bilan belgilanadi, xarajatlar tarkibini belgilash tartibi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ilgari vazirlik har yili badallarning eng kam miqdorini tasdiqlashi haqida aytilgan edi, biroq ushbu mexanizmni amalga oshirish jarayonida muammolar yuzaga keldi.

Qonun 2020 yil 1 avgustdan kuchga kiradi. Bu o‘zgartirishlarni birdaniga amaliyotga kiritmaslik, avvaliga ular qanchalik o‘rinli ekanligini kuzatishga qaror qilinganligi bilan bog‘liqdir. 2020 yil 1 maygacha yangi qonun normalari ishlashini sinab ko‘rish uchun Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida, shuningdek Jizzax va Marg‘ilonda huquqiy eksperiment o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra 2020 yil 1 iyungacha hujjat takomillashtirilishiga zarurat bor-yo‘qligi va respublikaning boshqa hududlarida qanday qo‘llanilishi belgilanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha yangi qonun: avval sinaladi – keyin joriy etiladi