date
views 2 757

«Qachon saodat asri bo‘ladi? Qachonki...»

«Qachon saodat asri bo‘ladi? Qachonki...»
Ilm-fan (ya’ni dunyoviy ilm) qanchalar ravnaq topmasin, maydonlari qanchalar kengaymasin, u baribir insonlar uchun xotirjamligu saodatni ro‘yobga chiqarib berishga qodir emas. Chunki bu ilm hayotning faqat moddiy tomonini taraqqiy ettiradi. Bu ilm uzun masofani yaqin qilib, uzoq muddatni qisqartirib berdi. Shuning uchun bu asrni “tezlik asri”, “masofalarni kesib o‘tish asri” deb nomlashdi.

Lekin biror kimsa bu asrni “fazilat asri”, “xotirjamlik asri” yoki “insoniyat uchun saodat asri” deya oladimi?!

Bu ilm inson hayoti uchun yangi-yangi qulay vositalarni muhayyo qildi. Lekin hayotdan ko‘zlangan asl maqsadlar sari boshlay olmadi. Hayotning zohirini ziynatlab ko‘rsatdi, lekin uning mohiyati tomon olib bormadi. Vositalarga berilib, asl maqsadni unutgan, sathiga chalg‘ib, ma’dandan g‘aflatda qolgan, po‘sti bilan ovora bo‘lib, mag‘zidan bebahra qolgan inson – qandayam baxtsiz insondir!
Bu ilm insonga ko‘plab qulayliklarni taqdim qildi. Lekin unga u uchun yashab, u uchun jon berishga arziydigan buyuk qadr-qimmat va oliy maqsadni taqdim qilgani yo‘q. Ha, aslida bularni taqdim qilish dunyoviy ilmning vazifasi ham xususiyati ham emasdir. Bularni din taqdim qiladi va bu dinning vazifasidir!

Shayx Yusuf Qarzoviy

Ha, farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berar ekanmiz, faqatgina dunyoviy ta’lim berish bilan cheklanib qolmasligimiz lozim. Ularning tarbiyasida diniy bilimning alohida o‘ziga xos o‘rni bo‘lib, bu o‘rinni undan boshqa biror narsa, biror tushuncha to‘ldira olmaydi. Shunday ekan, farzand tarbiyasida diniy bilimning qanchalar zarur ekanini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo‘q!

Aks holda, farzandlarimiz hayotning zohiri bilan ovora bo‘lib, uning asl mohiyatidan g‘aflatda qolishadi, po‘stlog‘i bilan ovora bo‘lib, mag‘zidan bebahra qolishadi. Bu esa o‘z natijasini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Turli fahsh-munkarlar, buzg‘unchilik hamda jinoyatlarning urchishiga ham aynan shu narsa sabab bo‘ladi. Bugungi kunda bu isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylanib ulgurdi. Diniy bilimdan voz kechib, faqat dunyoviy bilimning o‘zi bilan taraqqiy topayotgan yurtlar aholisining hayotiga nazar solsak, bunga amin bo‘lamiz...

Qudratulloh Sidiqmetov

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Qachon saodat asri bo‘ladi? Qachonki...»
-->