
Foto: OʻzA
Shu yilning dekabr oyidan boshlab Oʻzbekistondan Rossiyaning Moskva, Samara, Peterburg, UFA kabi 10 ta shahriga muntazam avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.
OʻzAning xabar berishicha, avtotransport xizmatini rivojlantirish borasida Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan yirik loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, Uzavtotrans Service MCHJ korxonasiga bank tomonidan 20 million dollar kredit mablagʻi ajratilgan boʻlib, ushbu mablagʻ hisobidan korxonaga Xitoyning Zhengzhou Yutong Bus Co Ltd kompaniyasidan 168 dona zamonaviy avtobus va ehtiyot qismlar olib kelingan.

Foto: OʻzA
Uzavtotrans Service MCHJ korxonasi tomonidan shu yilning kelasi oyi — dekabrdan boshlab Rossiyaning 10 shahriga muntazam avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.
“Ayni paytda 19 ta mahalliy va 10 xalqaro, jami 29 ta yoʻnalish boʻyicha yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatyapmiz. Kelasi oydan boshlab xalqaro yoʻnalishlar yana 10 taga ortadi. Yoʻnalishlarga zamonaviy 168 ta avtobus qoʻyilgan boʻlib, yoʻlovchilar uchun barcha qulaylik mujassam”, — degan Uzavtotrans Service MCHJ bosh direktori A.Hamroliyev.

Foto: OʻzA
Qayd etilishicha, bu borada korxona tomonidan xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, yoʻnalishga chiqayotgan har bir avtobus texnik, haydovchilar esa tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi, avtobuslarning sanitar holati muntazam nazorat qilinadi. Qatnov jarayoni esa GPS tizimi orqali onlayn tarzda nazorat qilib boriladi.
Shuningdek, “Toshkent” avtovokzalida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, majmua shu yilning may oyida foydalanishga topshirilib, u yerda bir vaqtning oʻzida 2 mingdan ziyod yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilgan.

Foto: OʻzA
Avtoshohbekatda dispetcherlik xizmati, chiptaxona, kutish zali va VIP zalda yoʻlovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari, savdo doʻkonlari, kafe-bar, milliy taomlar oshxonasi kecha-yu kunduz yoʻlovchilarga xizmat qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar