12:34 / 06.12.2019
3 227

Prezident davlat xaridlari bo‘yicha qarorni imzoladi

Prezident davlat xaridlari bo‘yicha qarorni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni O‘zAda e’lon qilindi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi «Xo‘jalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3487-son qarori bilan tasdiqlangan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar:
  • eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li orqali xaridlarni amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida e’lon joylashtiradi. E’londa xarid komissiyasi tomonidan takliflarni qabul qilib olishning o‘n besh kundan kam bo‘lmagan so‘nggi muddati hamda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunining 52-moddasida nazarda tutilgan axborot bo‘lishi kerak;
  • davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida ma’lumotlarni ular tuzilgan sanadan boshlab uch ish kundan kechiktirmasdan belgilangan tartibda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritadi;
  • xaridlarni elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion orqali qonunda belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshirishga haqli.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat buyurtmachilariga elektron do‘konning qo‘shimcha sahifasidan foydalangan holda, davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar) o‘rtasida amalga oshirish huquqi beriladi. Bunda, elektron do‘konning qo‘shimcha sahifasida xarid qilish tartib-taomili yakuniga ko‘ra tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi elektron do‘konning asosiy sahifasidan foydalanmasdan mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga haqli emas.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yil 1 yanvardan boshlab Moliya organlari va byudjet tashkilotlari moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi bazasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning xodimlari uchun o‘quv jarayoniga sohadagi yetakchi mutaxassislarni keng jalb qilgan holda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus kurslar tashkil qiladi.

2020 yil 1 apreldan boshlab byudjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi mablag‘lariga nisbatan Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochish orqali g‘azna ijrosi mexanizmi joriy etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident davlat xaridlari bo‘yicha qarorni imzoladi